Huawei 1
Toshkent xalqaro aeroportida dunyo bo'yicha juda noyob hisoblanadigan hayvonlarni olib kirishga urunganlar ushlandi (video)

O'zbekistonda hayvonlarni olib kirish va olib chiqish faqat Ekologiya qo‘mitasi tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Kuni kecha Toshkent xalqaro aeroportida bojxonachilar bir necha hayvonlarning noqonuniy olib o‘tilishini aniqladi. 

Qayd etilishicha, 2022-yil 16-noyabr kuni Misrdan uchib kelgan yo‘lovchilar birin-ketin bojxona nazoratidan o‘tishgan. Ammo, yo‘lovchilar orasida harakatlanayotgan ayolning bezovtalanishi va shubhali xatti-harakatlari bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.Unga tegishli bagaj nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklar orasidagi 2 ta shirinlik qutisining  ekrandagi tasviri shubhalarni tasdiqladi.Shundan so‘ng endoskop ko‘magida qutini ochmasdan turib, uning ichida nima borligi sirtdan ko‘zdan kechirildi. Hayvonlarga ozor berib qo‘ymaslik, va bojxona xodimlarining hayotiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida aeroportga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent hayvonot bog‘i vakillari taklif etildi. Va qutilar ochildi.Shunday qilib, 1 bosh Nil timsohi bolasi, 3 bosh iguana hamda to‘rsimon, yo‘lbars va xondra zotiga mansub piton bolalarini noqonuniy olib kirishga urinish fosh qilindi.Jonivorlarni olib o‘tishga uringan shaxs buni birovning iltimosiga binoan ma’lum bir haq evaziga olib o‘tayotganini ma’lum qildi.

Dastlab jonivorlar vazni, uzunligiga doir ma’lumotlar qayd etildi. Ularning holati ko‘zdan kechirildi. Issiq iqlim sharoitlariga moslashgan jonivorlar samolyotning harorat past darajada bo‘ladigan yukxonasida keltirilgani sababli karaxt holatda. Ilonlar va iguanalardan ayrimlarining tanalari zamburug‘lar bilan kasallangan.

Dunyo bo‘ylab juda noyob hisoblanadigan xondra pitoni tanasida esa mutaxassislar elektron chip o‘rnatilganini taxmin qilishmoqda. Yoki bu shunchaki noma’lum o‘simta ham bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasiga g‘ayriqonuniy ravishda olib kirishga urinish chog‘ida ushlab qolingan yovvoyi hayvonlar belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.

Mazkur holatda olib qo‘yilgan noyob jonivorlarning bahosi dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda taxminan 77 mln so‘mdan oshmoqda.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122623 | Инструменты