Yashnobod tumanidagi 151-maktabning 3-sinf o'quvchisi T. M ga maktab hojatxonasiga chiqqanda, yuqori sinf oʻquvchilari tahdid qilishgan, uning qarshiliga qaramay kuch bilan og‘ziga temir magnitli braslet solishgan, bola uni yutib yuborgan
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda ona 9 yoshli bolasi og'ir operatsiyani boshdan o'tkazganini aytgani yozilgan audio xabar va video tarqaldi. Unda bola hushsiz holda shifoxonada yotgani aks etgan, yana boshqa kadrlarda esa temir yoki magnitga o'xshash uzun zanjir aks etgan.

Holat bo'yicha tegishli tashkilotlar rasmiy munosabat bildirdi. Xususan, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining ma'lum qilishicha, ushbu holat 2-sentabr kuni Yashnobod tumanidagi 151-maktabda sodir bo‘lgan. 3-sinf o'quvchisi T. M ga maktab hojatxonasiga chiqqanda, yuqori sinf oʻquvchilari tomonidan tahdid qilinib, uning qarshilik ko‘rsatishiga qaramasdan kuch bilan og‘ziga noma’lum jism solishgan, bola uni yutib yuborgan.
O'quvchi qo'rqqanidan holatni 3 kun yashirgan. Ammo "Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi" deganlaridek, 5-sentabr kuni bolaning sog'ligi yomonlashib, qornida kuchli og'riq bilan kasalxonaga olib borilgan. Olib borilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida, uning ichagida nomaʼlum jism borligi aniqlangan.

So'ngra shifokorlar onaga zudlik bilan operatsiya qilinishi kerakligi aytishgan va amaliyot o'tkazilgan. Hozirgi vaqtda oʻquvchiga barcha tibbiy yordamlar koʻrsatilgan hamda uning ahvoli qoniqarli holatda.
"Ayni vaqtda sodir boʻlgan voqea yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda va uning yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʻlumot berilishini maʼlum qilamiz",-deyiladi xabarda.
Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabariga ko'ra, holat shaxsan ombudsman tomonidan nazoratga olinib, o‘rganilmoqda. Shuningdek, tuman IIB tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
"Bolalar ombudsmani bolaning buzilgan huquqlari tiklanishi, ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligini ta’minlanishi nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini joyiga chiqqan holda o‘rganmoqdalar",-deya yoziladi xabarda.
Uzrerport holat bo'yicha qo'shimcha ma'lumotlarni berib boradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90813 | Инструменты