Huawei 1
Toshkentda Xalqaro Nordik Universitetining tantanali ochilishi bo'lib o'tdi

8 sentabr kuni Xalqaro Nordik Universiteti (Nordic International University)ning tantanali ochilishi bo'lib o'tdi. Finlyandiyaning ta'lim sohasidagi ilg'or yutuqlariga asoslangan holda tashkil etilgan ushbu xalqaro universitetning ochilishi munosabati bilan Finlyandiya Respublikasi delegatsiyasi, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, ta'lim tizimi va keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurdilar.  

Finlyandiyaning O'zbekistondagi elchisi Ilkka Raisanen boshchiligidagi delegatsiyaga ushbu davlatning mamlakatimizdagi faxriy konsuli Alisher Jo'rayev va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mas'ullari hamrohlik qildilar. Nufuzli mehmonlar Xalqaro Nordik Universitetida ehtirom bilan kutib olindilar.

Tadbirni universitet rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafakulov kirish so'zi bilan ochib, universitetning maqsadlari, strategik hamkorlari, kelgusida talabalar uchun yaratiladigan zamonaviy imkoniyatlar bilan tanishtirdi. Respublikamizda belgilangan ta'lim yo'nalishlari bo'yicha yuqori malakali zamonaviy kadrlar tayyorlash, ta'lim sifatini yaxshilash, sohaga doir ilg'or xorijiy tajribalarni joriy etish, yoshlarning amaliy fanlar bo'yicha bilim va ko'nikmalarini shakllantirish, oliy ta'lim – ilm-fan – ishlab chiqarish bilan uzviy integratsiyasini jadallashtirish borasidagi maqsad-vazifalarga to'xtaldi.

Ochilish marosimida Finlyandiyaning O'zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo'rayev Xalqaro Nordik Universiteti Shimoliy Yevropa davlatlari, xususan Finlyandiya modeli asosida tashkil etilgan O'rta Osiyoda yagona bo'lgan xususiy universitet ekanligini e'tirof etdi. Universitetning tashkil etilishi Shimoliy Yevropa mamlakatlarining nufuzli oliy ta'lim muassasalarida yo'lga qo'yilgan ilg'or tajribalar, innovatsion ta'lim modellari, o'quv reja va dasturlari asosida iqtisodiyotning real sektor ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga katta hissa qo'shishiga ishonch bildirdi.

Tadbirda so'z olganlar barcha yoshlar va ustozlar, universitet jamoasini yangi ta'lim maskani faoliyati bilan qutlab, katta ishonch bildirdilar va muvaffaqiyatlar tiladilar.

Eslatib o'tamiz, avvalroq ushbu universitet haqida batafsil ma'lumot bergan edik.

Foto: Madina Nurman

Izohlar: 11
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga