Huawei 1
Toshkentdagi “Eski Juva” bozorida sotuvchi ayol hamkasbi bilan janjallashib, uni do'pposlayotganida qulog'ini tishlab uzib oldi

“Eski Juva” bozorining sut mahsulotlari rastasida ikki sotuvchi ayol  ancha vaqtdan buyon kelishmovchilikka borib yurgan. Janjal ham aynan shu vaziyatdan kelib chiqqan. Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganovaning ma’lum qilishicha, janjalda 29 yoshli ayol 30 yoshli hamkasbini do‘pposlagan vaqtida uning qulog'ini tishlab, uzib olgan. 

Sudga oid tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, 30 yashar ayolga o‘ng quloq solinchagi ezilib yirtilgan yarasi, chap yelka, chap boldir ichki, o‘ng son va o‘ng boldir sohalari qontalashlari, chap qo‘l 5-kaft suyagi sathi, o‘ng lunj va o‘ng tovon sohalari shilinmalari ko‘rinishidagi badanning tuzalmaydigan darajadagi xunuklashishiga sabab bo‘lgan qasddan og‘ir shikast yetkazilgan.

Qulog‘i tishlangan ayol ham raqibiga bir qancha jarohat yetkazgan. Biroq ekspertizasi chap yelka sohasi qontalashi, pastki lab ichki shilliq qavatiga qon qo‘yilishi ko‘rinishidagi jarohatlarni sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib keladigan yengil shikast deb topgan.

“O‘sha kuni ertalabdan savdo qilish maqsadida ish joyimga keldim. Oradan biroz vaqt o‘tib, yonimga sotuvchi hamkasbim ham keldi. Bir necha soat vaqt o‘tganidan so‘ng oldimizga xaridor keldi va mening mahsulotim yoqqanini aytdi. Hamkasbim unga mahsulotim Qashqadaryodan kelishi, sifati yaxshi emasligini aytib xaridorni qaytarmoqchi bo‘lib harakat qila boshladi. Sherigim o‘z mahsuloti solingan qoshiqni uzatdi. Qo‘lini ortga itarib yuborganimdan so‘ng, u meni tepdi. So‘ng esa u sochimga, men esa uning yoqasiga yopishdim”, deya sudda ko‘rsatma bergan 29 yoshli sotuvchi ayol.

“Bir vaqt o‘ng qulog‘imda kuchli og‘riqni his qila boshladim va “qo‘yib yubor” deb baqirdim. O‘sha yerdagi bir ayol sherigimning ustidan chelakda suv sepgach, u to‘xtadi va uning yuziga qaraganimda og‘zi qon ekanini ko‘rdim. Shok holatiga tushib, qulog‘imga qo‘lim bilan tekkan vaqtimda o‘ng qulog‘imning yarmi yo‘q ekanini bildim, atrofdagilardan qulog‘imning uzilgan qismini qidirishni iltimos qildim, – deydi ikkinchi sudlanuvchi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan qulog‘ining yarmidan ayrilgan ayol qasddan badanga yengil shikast yetkazishda aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarimaga tortilgan. Tishlong‘ich ayolga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42509 | Инструменты