Jinoyat tashkilotchisi ushbu o‘quv markazining sobiq qo‘riqchisi bo‘lib, uning niqob taqqan sheriklari markazdan pullarni o‘g‘irlab, barchasi qo‘shni respublikaga chiqib ketishni reja qilgan. Ulardan biri guvohlarni chalg‘itish maqsadida ayollar kiyimida bo‘lgan.
Toshkent shahridagi o‘quv markazlaridan biriga sodir etilishi mumkin bo‘lgan bosqinchilik harakatining oldini oldi. Bu haqda shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari bilan olib borilgan tezkor tadbir natijasida aniqlanishicha, jinoyat tashkilotchisi 1995-yilda tug‘ilgan, muqaddam ushbu o‘quv markazida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan shaxs bo‘lib, u o‘quv markazida katta miqdorda pul saqlanishini bilgan. Uni qo‘lga kiritish uchun uch nafar tanishini jalb qilgan.
Rejaga ko‘ra, ularning har biriga alohida vazifa yuklatilgan. Sobiq qo‘riqchi markaz ichidagi vaziyatni oldindan o‘rganib, pul qayerda saqlanishi haqida sheriklariga ma’lumot berishi, yana bir ishtirokchi esa elektrni o‘chirishi kerak bo‘lgan. Niqob taqqan guruh a’zolari orqa eshikdan kirib, pulni qoplarga solishi va ijaraga olingan avtomobil orqali olib chiqib ketishi kerak bo‘lgan. Ulardan biri jinoyatni yashirish va guvohlarni chalg‘itish maqsadida ayollar kiyimida bo‘lgan.
Ularning barchasi Farg‘ona viloyati orqali qo‘shni davlatga chiqib ketishni ko‘zlagan. Ish reja qilinganidek boshlangan, ular o‘quv markaziga kirganidan keyin jinoiy guruhning barcha a’zolari tezkor xodimlar tomonidan ushlangan. Jinoyat sodir etishga tayyorlangan buyumlar: niqoblar, bolg‘a, qop, qo‘lqoplar, ratsiyalar, eshiklarni ochish uchun maxsus moslamalar, kalitlarning dublikatlari, shuningdek, xorijga chiqish pasportlari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.

Foto: Toshkent shahar IIBB
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘lga olinganlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ular sud hukmi bilan aybli deb topilsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111310 | Инструменты