Toshkentdagi qurilish maydonida 51 tup daraxt kesib tashlandi

Toshkent shahrida qurilish kompaniyasi 51 tup daraxtni kesib tashlagan. Bu haqda Ekoqo‘mita xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita xodimlari tomonidan Yashnobod tumani Jarqo‘rg‘on ko‘chasida ko‘p qavatli turar joy majmuasini qurayotgan “B.D.” MCHJ faoliyati o‘rganilgan. Jarayonda qurilish maydonining kirish-chiqish yo‘llarida yuk mashinalari g‘ildiraklarini yuvish uchun blok-postlar qurilmagani, oqibatda loy va tuproq Jarqo‘rg‘on ko‘chasi bo‘ylab 2–2,5 km masofagacha yoyilib ketgani aniqlangan.

“Eski binolar buzilishidan hosil bo‘lgan 126 188,9 tonna chiqindi va kotlovan qazishdan chiqqan 368 432 tonna tuproq qayerga olib ketilgani haqida korxona hech qanday hujjat taqdim eta olmagan. Hududda 12 036 tonna qattiq maishiy va qurilish chiqindisi belgilanmagan joyda to‘plab qo‘yilgan. Chiqindilarni olib chiqish va oqova suvlarni tashish bo‘yicha shartnomalar ham tuzilmagan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, MCHJ 50 tup archa va 1 tup chinorni kesish uchun ariza bergan. Biroq Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasi bunga ruxsat bermagan. Shunga qaramay, qurilish kompaniyasi daraxtlarni kesib tashlagan.

Kompaniyaga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni noqonuniy joylashtirganlik uchun 5 mlrd 183,3 mln so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblangan. Yo‘q qilingan daraxtlar uchun o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 396 mln so‘m zararni qoplash belgilangan.

Bundan tashqari, qurilish firmasiga kesib tashlangan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan jami 5100 tup kamida 3 yillik ko‘chat ekish va ularni 3 yil davomida parvarish qilish majburiyati yuklatilgan. MCHJ rahbariga 4,4 mln so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110513 | Инструменты