Huawei 1
Turkiy davlatlar vakillari 34 ta harfdan iborat yagona alifbo bo‘yicha kelishib oldi

Ozarbayjonning Baku shahrida 9-11 sentyabr kunlari Xalqaro turkiy akademiya va Turk lingvistik jamiyati tomonidan tashkil etilgan umumiy turk alifbosi bo‘yicha komissiyaning uchinchi sessiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda “Oxu.az” xabar berdi.

Turkiy tillar akademiyasining ma’lum qilishicha, yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ushbu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar va komissiyaning ikki yillik tajribasi asosida turkiy tillar alifbosi bo‘yicha qo‘shma loyiha ustida ishlarni yakunlash bo‘lgan.

Qayd etilishicha, uchrashuvda olimlar tomonidan ilk bor 1991 yil taklif etilgan lotin alifbosiga asoslangan turkiy dunyoning yagona alifbosi har tomonlama muhokama qilingan. Shuningdek, komissiya ushbu alifbo loyihasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazgan.

“Komissiya faoliyati natijasida 34 ta harfdan iborat umumiy turkiy alifbo bo‘yicha kelishuvga erishildi. Taklif etilayotgan alifboning har bir harfi turkiy tillarda uchraydigan alohida fonemani ifodalaydi”, deyiladi xabarda.

Turkiy akademiya ushbu tadbirning tarixiy ahamiyati haqida so‘z yuritib, umumiy turk alifbosini ishlab chiqish turkiy xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va hamkorlikni rivojlantirish, shu bilan birga, mamlakatlarning til merosini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 1991 yilda barcha turkiy xalqlar uchun yagona, 34 harfdan iborat alifbo ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston ham 1993 yildan 1995 yil mayigacha ushbu alifbodan foydalangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91913 | Инструменты