Turkiyada odam savdosi qurboniga aylangan yurtdoshimiz mamlakatimiz Bosh konsulxonasi sa'y-harakatlari bilan O'zbekistonga qaytarildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Bosh konsulxona ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston fuqarosi H.F. o'z arizasida yaqin qarindoshi M.A. uni Turkiyaning Mugla viloyatidagi "The Pera Hotel Marmaris" mehmonxonasida zo'rlik bilan ushlab turganini ma'lum qilgan.
Bosh konsulxona va Turkiyaning tegishli huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan o'rganishlar natijasida holat murojaatchi aytganidek bo'lib chiqdi. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida H.F ozod etildi va Istanbulga olib kelinib, xavfsiz joyga joylashtirildi.
Mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan mazkur holatga aloqador bo'lgan va Turkiyada odam savdosi bilan shug'ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh a'zolari qo'lga olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vatandoshimiz H.F esa shu yil 15 noyabr kuni O'zbekistonga qaytarildi.
O'zbekiston Bosh konsulxonasi vatandoshlardan xorijga ishga borishda nihoyatda ehtiyot bo'lishni, firibgar va jinoyatchilarning yolg'on va'dalariga aldanib qolmaslikni so'raydi. Agar qiyin vaziyatga tushib qolsangiz +905535411717 (24/7) telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111819 | Инструменты