Rossiyalik mashhur YouTube blogeri va shaharsozlik tahlilchisi Ilya Varlamov Toshkentga ko‘chib kelmoqchi. Bu haqda u o‘z Telegram kanalida ma’lum qilgan.
U shu davrga qadar O‘zbekiston, Toshkent haqida ko‘plab kontentlar yaratgan bo‘lib, videolarida mamlakatning boy madaniy merosi, tarixiy me’morchiligi va zamonaviy rivojlanish jarayonlari haqida iliq fikrlarni bildirib kelgan.
“Madaniyatshunoslikni o‘rganardim. Juft kunlarda Hazrati Imom ansambliga, toq kunlarda esa ko‘rkam bekatlarga ega Toshkent metrosiga tashrif buyurgan bo‘lardim. Toshkent hayvonot bog‘iga borib, qor qoplonlari va tuyalarni tomosha qilardim. Hammaga Abdul sher haqida gapirib berardim. Shunday qadimiy Eski-shahar turganda, sayyohlik ko‘chalariga e’tibor ham bermasdim. Chorsu bozoridan nodir kitoblarni topgan bo‘lardim. Ko‘kaldosh madrasasi suratini chizardim. Navoiy xiyobonini aylanib yurardim. “Yalla”ni, o‘zbek cholg‘ulari sadolarini tinglardim”, deya post qoldirgan Varlamov.
Shuningdek, Varlamov nafaqat shaharni sevish, balki uning merosini asrab-avaylash muhimligini ham eslatgan. Shu sababli rus shaharsozi Toshkentni asrashga “bel bog‘lamoqchi”.
“Eski mahallalar va tarixiy arxitekturani zamonaviy ta’sirlardan himoya qilish, Chorsu bozorini modernizatsiya tahdidlaridan saqlash kabi tashabbuslarda qatnashishga tayyorman. Toshkentning o‘ziga xosligi – uning boy tarixida va ushbu tarixni himoya qilish har bir fuqaroning vazifasidir”, degan u.
Bloger azim poytaxtning gastronomik imkoniyatlari haqida ham to‘xtalar ekan, somsa, palov va boshqa milliy taomlarni tatib ko‘rish orzusi borligini, ayniqsa, eski choyxonalarda choy ichish va bozorlardan o‘zbekcha ziravorlar xarid qilish uning shaxsiy “Istaklar ro‘yxati”dan joy olganini qo‘shimcha qilgan.
“Men Navro‘z bayramini shu yerda nishonlash, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarni ziyorat qilish va O‘zbekistonning boy tarixi bilan yaqindan tanishishni reja qilganman”, deya yozgan Varlamov.
Ma’lumot uchun, rossiyalik bloger Ilya Varlamov avvalroq Toshkentda bo‘lgan va o‘tgan yilning may oyida O‘zbekiston temir yo‘llarining “lyuks” vagondagi sayohati davomida skotch yopishtirilgan derazalari, kir stoli va hojatxonasi hamda buzilgan dushini tanqid qilgan edi.
Uning bu tanqidiga esa poyezddagi mas’ullar o‘zbekistonliklarning madaniyatsiz ekanini bilan izohlagan.
“Shaxsan men bu yerda, bunday poyezdga chipta sotishdan uyalaman, chunki odamlar, ayniqsa, chet ellik bo‘lsa, shu poyezdda yurib, O‘zbekiston va o‘zbeklar haqida vijdonsiz, degan fikrga kelishadi. Aslida unday emas. O‘zbeklar ajoyib, ozoda va tartibli odamlar. Lekin poyezd boshlig‘i yoki vagon nazoratchisi o‘zbeklarni “podstava“ qilyapti. Ular uyalishi kerak. Umid qilamanki, ularga tanbeh beriladi”, degan edi u o‘shanda.
Ammo uning tanqidiga “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” Ilya Varlamov sanagan kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga o‘sha sanada xizmat vazifasini olib borgan vagon kuzatuvchilari va poyezd boshlig‘iga qat’iy intizomiy jazo qo‘llash orqali javob qaytargan va bu javob Varlamovni xafa qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111821 | Инструменты