Huawei 1
“UNG PETRO” yoqilg‘i quyish shoxobchalari rahbariyatiga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi — “O‘zbekneftgaz”

“UNG Petro” MCHJ yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i telegram kanalida “Navro‘z” bayrami arafasida e’lon qilingan AI-92 rusumli avtobenzini uchun chegirma 1-maydan boshlab to‘xtatilishi haqidagi xabar rahbariyat bilan kelishmasdan joylashtirilgani va bu holat bo‘yicha mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tassarufidagi “UNG PETRO” MCHJ tomonidan joriy yilning 13-mart kuni “Navro‘z” bayrami munosabati bilan import qilinadigan AI-92 rusumli avtobenzinning narxini pasaytirish bo‘yicha  bahorgi aksiya e’lon qilingan edi.

Mas’ullar tomonidan ushbu aksiyaning taxminiy tugash muddati haqidagi e’lon avvaldan tayyorlanib, “UNG PETRO” MCHJ Telegram kanali messenjerining xabarlarni rejalashtirish funksiyasidan foydalangan holda avtomat e’lon qilinishi uchun 30-aprel kuni chop etish rejimiga qo‘yilganligi aniqlandi. Holat yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJ rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, AI-92 rusumli avtobenzin narxlarini arzonlashtirish va aholiga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasidan bexabar bo‘lgan mas’ul xodim tomonidan nazoratsiz qoldirilgan aksiyaning taxminiy tugashi bilan bog‘liq bo‘lgan e’lon “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati bilan kelishilmagan holda “UNG PETRO” MCHJning rasmiy telegram kanalida avtomatik tarzda chop etilgan.

Ta'kidlanishicha, “UNG PETRO” MCHJ mas’ullarining bu hatti-harakati ichki nizom qoida va talablarini buzilishi deb baholandi hamda rahbariyatiga intizomiy jazo qo‘llanildi.

Ushbu holat, “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiy tuzilmalari rahbarlari hamda mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Unda yuqoridagi salbiy holatga alohida urg‘u qaratilib, bunday holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Ma’lumot o‘rnida, jahon bozorida neft mahsulotlarini yetkazib berish geografiyasi va yo‘nalishlari o‘zgarayotgan bir paytda AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan sotib olish hisobiga yirik kompaniyalar zavodlaridan chegirmalar olish, logistika harajatlarini qisqartirish, neft baza va AYOQSHlardagi ustamalarni chegaralash, import xajimlarini oshirish va boshqa tadbirlar evaziga narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. 

“O‘zbekneftgaz” AJ avtobenzin bo‘yicha e’lon qilingan noto‘g‘ri xabar tufayli tashvishga tushgan keng jamoatchilik faollari hamda xaridorlardan uzr so‘raydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 53105 | Инструменты