Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh maktab o‘quvchi qizlari bir-birining sochidan yulib, janjallashayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat Urgut tumanida kuzatilgani maʼlum bo‘ldi.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining xabar berishicha, voqea yuzasidan ishchi guruh tuzilib, holat ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, joriy yilning 13 oktyabr kuni 41-umumtaʼlim maktabining 9-“A” sinf o‘quvchisi F.F. bilan 9-“B” sinf o‘quvchisi R.G. telefon orqali gap talashgan. Oradan bir kun o‘tib, 14 oktyabr kuni soat 14:20 atrofida ular Qoratepa mahallasining Sarbozor ko‘chasida uchrashib, o‘zaro janjallashgan.
Voqea joyida boshqa sinfdoshlari ham bo‘lgan. Shundan so‘ng maktabda o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Boshqarma maʼlumotiga ko‘ra, tuman IIB xodimlari tomonidan jarayonda ishtirok etgan jami 12 nafar o‘quvchining ota-onalariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102111 | Инструменты