So‘ngi vaqtlarda mamlakatimizga xorijdan tashrif buyuruvchi fuqarolar keskin ko'paymoqda.
Shu bilan birga bu jarayonda ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan uy-joy ijarasi orqali ko‘proq daromad olish maqsadida avval ijaraga berilgan kvartiralardan ijarachilarni majburlab chiqarib yuborish yoki asossiz ravishda narxni oshirish holati kuzatilmoqda.
Quyida kvartiralarni ijaraga berishning ayrim muhim huquqiy asoslari keltirilgan:
1. Kvartirani ijagara berish bo‘yicha shartnoma shakli.
- Bunda uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Shuningdek, shartnoma soliq organlarida davlat hisobiga qo‘yilishi kerak;
- Shartnomani davlat hisobiga qo‘yish ijara.soliq.uz portali orqali bepul amalga oshiriladi;
- Shartnomani davlat hisobiga qo‘yish ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va bu shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak;
- Undan tashqari ijaraga beruvchi shartnomani davlat soliq organlarida hisobga qo‘ymasa BHMning 5 baravaridan (1 mln 500 ming so‘mdan) 10 baravarigacha (3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
2. Ijara shartnomasining muddati
- Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi;
- Shartnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u 5 yilga tuzilgan hisoblanadi;
- Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
3. Ijara uchun to‘lanadigan haq
- Ijara haqi miqdori ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining o‘zaro kelishuviga binoan shartnomada belgilab qo‘yiladi;
- Ijara haqining miqdori bir tomonlama o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
- Ijara puli shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lanishi kerak.
4️. Shartnomani bekor qilish
- Ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi;
- Ijara shartnomasini ijaraga beruvchining talabi bilan bekor qilish muayyan asoslarga ko‘ra faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
Bu asoslar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- ijara puli olti oy yoki qisqa ijarada esa shartnomadagi muddatdan keyin 2 martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;
- uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa;
-uy-joydan g‘ayriqonuniy maqsadlar uchun foydalanilgan bo‘lsa.
Ijaraga oluvchi uy-joydan boshqa maqsadda foydalansa yoki qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsa, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirishi mumkin.
Shuningdek, ijaraga oluvchi ogohlantirish olganlardan keyin ham qoidabuzarliklarni davom ettirsa, ijaraga beruvchi shartnomani sud tartibida bekor qilishga haqli.
Ijaraga beruvchilar tomonidan kvartiradan chiqib ketish yoki ko‘proq haq to‘lashga oid noqonuniy talablar ustidan fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.
Undan tashqari, hujjatlarni, shu jumladan, da’vo arizasini rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy yordam olish uchun adliya organlariga hamda “Madad” NNT va uning hududiy byurolariga (+99871 256 52 53, advice.uz) murojaat qilishingiz mumkin. Adliya hujjatlarga yordam beradi!
Alpha version: 0.9.1.19 build 43021 | Инструменты