Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi bayonotiga ko‘ra, hozir dunyoning 43 mamlakatida yashovchi 1 milliarddan ortiq kishi vabo xastaligini yuqtirish xavfi ostida.
Xususan, o‘tgan haftaning o‘zida uchta davlatda yangi epidemiyalar qayd etilgan. Shu tariqa mazkur kasallik ro‘yxatga olingan davlatlar soni 22 taga yetdi.
Vabo tarqalishi tendensiyasi 2022-yilda boshlangan va bir yil oldingiga nisbatan 50% ko‘proq hududga kirib borgan.
JSST tahliliga ko‘ra, kasallikning avj olishiga tabiiy ofatlar, ba’zi mintaqalarda qashshoqlik kuchayishi va harbiy to‘qnashuvlar sabab bo‘lgan.
Mutaxassislar fikricha, kelgusida iqlim o‘zgarishi va global isish tufayli muammo yanada keskinlashishi mumkin. Shuningdek, dunyoning ko‘plab nuqtalarida kuzatilayotgan toza ichimlik suvi tanqisligi muammo ko‘lami ortishiga olib keladi.
O‘z navbatida, xalqaro ekspertlar vabo bilan kasallanganlar o‘rtasida o‘lim darajasi keskin ortganidan jiddiy xavotirda. Misol uchun, Malavida vabo 1200 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo'ldi. Kasallik qo'shni davlatlarga ham tahdid solmoqda.
Shu o'rinda eslatib o'tamiz, mutaxassis Vabo O'zbekistonda aniqlangan yoki aniqlanmagani, uni oldini olishda qanday choralar ko'rilayotgani haqida ma'lumot bergandi. Qozog‘iston esa boshqa mamlakatlarda vabo tarqalishi sababli chegarada nazoratni kuchaytirdi. Bundan bir necha kun oldin ham JSST dunyoda vabo tarqalishi xavfini “juda yuqori” deb baholagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50801 | Инструменты