O‘zbekistonda agroturizm yo‘nalishini yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni keng targ‘ib etgan holda bu orqali hududlarga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda ko‘hna Xiva shahrida “Qovun sayli” festivali tashkil etildi.
Festival uchun “Polvon” darvoza oldi, “Alleya” maydonining 4 gektarida 60 ta pavilon tashkil qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tuman hokimliklari, o‘z hududlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari qovun mahsulotlarining “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi mahalliy qovunlarning 125 ga yaqin navlari namoyishi hamda hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Festival yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unga ko‘ra, Xorazm viloyati Yangibozor tumani “Gran-Pri” sohibiga aylandi (yutuq - “Treker” avtomobili). Birinchi o‘rin Urganch shahriga (yutuq - “Oniks”), ikkinchi o‘rin Xiva tumaniga (yutuq - “Damas”), uchinchi o‘rin esa Urganch tumani, Xiva shahri va Qo‘shko‘pir tumanlariga (yutuq har biriga - “Mototsikl”) nasib qildi.
Shuningdek, “Qovunni qayta ishlash va saqlaganligi uchun”, “Qadimiy Xorazm navlarini tiklash va yangi innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”, “Qovunchilikda eng yuqori rentabellikka va eksportbop qovun yetishtirganligi uchun”, “Eng shirin ekologik qovun yetishtirganligi uchun” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi va taqdirlandi.
Eʼtiborlisi, tadbir tufayli Xorazm viloyatiga shu kunlarda 30 mingdan ortiq xorijiy mehmonlar va 400 mingga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Maʼlumot uchun, bu kabi festivallar ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirishga, turistlar soni oshishiga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100318 | Инструменты