“Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida” gi Prezident Farmoni (PF-66-son, 14.04.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, 2025-yil 1-iyuldan:
- yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan olib boriladi;
- xususiy qurilish nazorati obyektlarida qurilish yakuniga yetgandan so'ng loyihachi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi;
- qurilishi tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tegishli tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi bo'limlari tomonidan amalga oshiriladi;
- xususiy qurilish nazorati olib borilmaganda yoki nazoratni olib borgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud bo'lmaganda obyektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
Quyidagilar xususiy qurilish nazorati obyektlari hisoblanadi:
- 2 qavatdan yuqori bo'lmagan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo'lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
- qurilish hajmi 300 metr kubdan ortiq bo'lmagan noturar bino va inshootlar hamda yengil turdagi (konstruksiyali) qurilmalar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты