Yashil iqlim jamgʻarmasi Kengashi Markaziy Osiyo mamlakatlarida ekotizimlarni tiklash va iqlim oʻzgarishiga moslashishga qaratilgan CLiCA mintaqaviy dasturini ma’qulladi. Dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda tayyorlangan. O‘zbekiston tomonidan dasturni ishlab chiqish ishlarini qo‘mita huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi muvofiqlashtirdi.
Yashil iqlim jamg‘armasi (Green Climate Fund, GCF) kengashi umumiy qiymati 264,4 million yevro bo‘lgan “Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli landshaftlar” (CLiCA) mintaqaviy dasturini ma’qulladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi.
Dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda tayyorlangan. O‘zbekiston tomonidan dasturni ishlab chiqish ishlarini qo‘mita huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi muvofiqlashtirdi.
Dastur doirasida O‘zbekiston 103,7 million yevro oladi. Mablag‘lar o‘rmonlar va yaylovlarni qayta tiklash, qishloq xo‘jaligiga iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, fermerlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishi uchun zarur moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga sarflanadi.
Dasturning O‘zbekistondagi kutilayotgan natijalari:
- 342 ming nafar aholining (ularning qariyb yarmini ayollar tashkil etadi) iqlim xavf-xatarlariga nisbatan chidamliligini oshirish;
- 164 ming gektar o‘rmon, yaylov va qishloq xo‘jaligi yerlarida iqlimga barqaror boshqaruv usullarini joriy etish;
- 1,07 million tonna CO₂ ekvivalenti hajmida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish hamda ularning yutilishini oshirish.
“Ushbu dasturning ma’qullanishi yanada barqaror hamjamiyatlar va landshaftlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan birgalikda umumiy maqsadimizni Markaziy Osiyo aholisi va tabiati uchun uzoq muddatli natijaga aylantirishni ko‘zlayapmiz”, — deya ta’kidladi GIZ vakillari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты