Huawei 1
Diyora Keldiyorova ayollar o‘rtasida yil dzyudochisi nomiga daʼvogarlik qilmoqda

Xalqaro dzyudo federatsiyasi 2024-yil yakunlari bo‘yicha dzyudo vakillari orasida taqdirlash marosimi o‘tkazilishini eʼlon qildi. Nominatsiyalarda g‘oliblikka daʼvogarlik qilayotganlar orasida o‘zbekistonlik vakillar ham bor.

Xalqaro federatsiya g‘oliblarni 8 ta yo‘nalish bo‘yicha tanlamoqda. 

Bular:

- Bolalar uchun dzyudo;

- Tinchlik uchun dzyudo;

- Yil lahzasi;

- Yilning eng yaxshi murabbiylik yutug‘i;

- Yangi yulduz;

- Yil dzyudochisi;

- Ayollar o‘rtasidagi yil dzyudochisi.

Unda, xususan, Parij Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan Diyora Keldiyorova ikkita nominatsiyada g‘oliblikka daʼvo qilmoqda. U ayollar o‘rtasidagi yilning eng yaxshi dzyudochilari orasidan o‘rin egallagan. Shuningdek, mazkur nominatsiyada Keldiyorovadan tashqari Krista Deguchi (Kanada), Beatriz Souza (Braziliya), Andreya Leski (Sloveniya), Alise Bellandi (Italiya), Barbara Matich (Xorvatiya), va Natsumi Sunoda (Yaponiya) kabi dzyudochilar nomzodlar qatorida qayd etilgan.

Bundan tashqari, Keldiyorovaning nimchorak final bahsida yengilmas raqibi yaponiyalik Uta Abeni mag‘lub etgan jangi dzyudo olamida yil lahzasi nomiga sazovor bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, Diyora Keldiyorovaning murabbiyi germaniyalik Marko Shpitka ham shogirdini tarixiy g‘alabaga yetaklagani uchun yilning eng yaxshi murabbiyi yutug‘ini qo‘lga kiritishi mumkin.

Dzyudo sportida raqibini ippon bahosi bilan yenggan sportchilar o‘yinni g‘alaba bilan yakunlaydi. 2024 yilning eng yaxshi ipponi bo‘yicha tanlovda o‘zbekistonlik Muhammad Jumayevning shu yili Abu-Dabida o‘tgan jahon chempionatida AQSH vakilini yenggan jangidagi ipponi ham bor.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Judogirls.uz loyihasi mamlakatdagi yosh sportchi qizlarning jismoniy va ruhiy farovonligi uchun ularni ruhlantirmoqda. Loyiha ijtimoiy tarmoqlarda joylangan zamonaviy trend va modani o‘z ichiga olib, sport jozibadorligini oshirayotgani uchun bolalar uchun dzyudo yo‘nalishida g‘oliblikka daʼvo qilmoqda.

Tanlovda ovoz berish jarayoni 10-dekabrdan 10-yanvargacha davom etadi. Ko‘ngillilar har bir toifa uchun alohida ovoz bera oladi. Tanlov g‘oliblari 2025-yilgi Paris Grand Slam musobaqasi doirasida bo‘lib o‘tadigan Judo Awards 2024 marosimida eʼlon qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122604 | Инструменты