Kibersport O‘zbekistonda rasman alohida sport turi sifatida qayd etildi

"Kibersport turlarini yana-da rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Unda qayd etilishicha, O‘zbekistonda kibersport rasman alohida sport turi sifatida eʼtirof etildi. 

Shuningdek, quyidagilar kibersport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • - kibersport turlari bo‘yicha professional sportchilar (kibersportchilar) va trenerlar, malakali hakamlar va sharhlovchilar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash tizimini joriy qilish;
  • - kibersport turlari bo‘yicha respublika va xalqaro chempionatlar va turnirlar tashkil etish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda munosib ishtirok etish;
  • - kibersport turlari bo‘yicha ilmiy va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va adabiyotlar ishlab chiqish hamda nashr etish;
  • - kibersport infratuzilmasini yana-da rivojlantirish va kengaytirish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilishni rag‘batlantirish;
  • - kibersport turlariga nisbatan ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish.

Shu bilan birga, 2023-yildan boshlab anʼanaviy tarzda kibersport turlari bo‘yicha har yili aprel oyida "Uzbekistan Esports Championship" respublika chempionati, har yili dekabr oyida "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi" va har yili iyun oyida "Yoshlar kubogi" turnirlari o‘tkaziladi.

"Uzbekistan Esports Championship» respublika chempionati, "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi" va "Yoshlar kubogi" turnirlari uch bosqichda tashkil etiladi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat bosqichlari onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab "Sport faoliyati: kibersport" bakalavriat taʼlim yo‘nalishini ochiladi hamda ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘qish muddatini 3 yil etib belgilanadi.

Xabarda aytilishicha, "Uzbekistan Esports Championship" respublika chempionatida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan kibersportchilarni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining "Sport faoliyati: kibersport" bakalavriat taʼlim yo‘nalishiga kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.

Shuningdek, kibersport faoliyatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Kibersport klublariga ularning bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarini qoplash uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab  hududiy "Yoshlar daftari" jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan har oyda 3 oy davomida 15 million so‘mgacha pul mablag‘larini ajratiladi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri, Yashnobod tumanida barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida kibersport turlari bo‘yicha chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni o‘tkazish uchun zamonaviy kiberzona tashkil qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21703 | Инструменты