O'zbekistonda yangi sport tashkiloti – Milliy Paralimpiya qo'mitasi tashkil etildi
Xabaringiz bor, joriy yil 18 may kuni mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarga sport bilan shug'ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta'minlash hamda davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori imzolangan edi.
Shu munosabat bilan 25 may kuni O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining Bosh Assambleyasi o'tkazildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy Olimpiya qo'mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbariyati, xodimlari, trenerlar, sportchilar, Turizm va sport vazirligining hududiy bo'limlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasi o'z ishini boshladi. Uni assotsiatsiya raisining o'rinbosari Sharif Mo'minjonov olib bordi.
Bosh Assambleya kun tartibiga 3ta masala kiritilgan edi. Bular:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ–5114-sonli qarori asosida O'zbekiston Milliy Paralimpiya qo'mitasini tashkil etish;
2. O'zbekiston Milliy Paralimpiya qo'mitasining Nizomini tasdiqlash;
3. O'zbekiston Milliy Paralimpiya qo'mitasi rahbariyatini saylash.
Bosh Assambleya yig'ilishida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori asosida O'zbekiston Milliy Paralimpiya qo'mitasini tashkil etish taklifi ma'qullandi.
Shuningdek, Milliy Paralimpiya qo'mitasining Nizomi loyihasi ham delegatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.
Nihoyat, kun tartibidagi asosiy masala, Milliy Paralimpiya qo'mitasi rahbariyatini saylash masalasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov so'z olib, ushbu lavozimga shu kunga qadar O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Muxtorxon Maqsudovich Tashxodjayev nomzodini ilgari surdi.
Rio-2016 Paralimpiya o'yinlari hamda Jakarta-2018 (Indoneziya) ParaOsiyo o'yinlarida yurtimiz paraatletlari tomonidan qo'lga kiritilgan muvaffaqiyatlar zamirida ham Muxtorxon Maqsudovichning xizmatlari beqiyos bo'lganligi e'tirof etildi.
Bosh Assambleyaga taklif etilgan delegatlar bir ovozdan M.Tashxodjayev nomzodini O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi etib saylashdi.
Shuning bilan O'zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi Bosh Assambleyasi o'z ishini yakunladi.
Ma'lumot uchun, ayni damda 29 nafar o'zbekistonlik paralimpiyachi Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o'yinlari yo'llanmasini qo'lga kiritishgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100800 | Инструменты