O'zbekistonda Yerning yuqori yechimdagi fotosuratlarini olish imkonini beradigan nanosun’iy yo‘ldoshlar uchirildi

UniSat 2.0 dasturining finalchi qizlari Navoiy viloyatida nanosun’iy yo‘ldoshlarni uchirdi. Ishtirokchilar 8-12-may kunlari Toshkentda INNO Texnopark laboratoriyalarida 2 ta nanosun’iy yo‘ldoshni noldan ishlab chiqishdi, dasturlashdi va yig‘ishdi. Bugun stratosferaga uchirilgan nanosun’iy yo‘ldoshlar Yerning yuqori yechimdagi fotosuratlarini olish imkonini beradi. Bundan tashqari, har bir kubsatning o‘z ilmiy missiyasi bor. Masalan, ulardan birida biomaterial uchirilgan. Qizlar stratosferadagi radiatsiyaning turli tirik organizmlarga (mog‘or zamburug‘i, drojji, chigit, mosh va loviyaga) ta’sirini tadqiq qiladi. 

Ikkinchi nanosun’iy yo‘ldoshdan esa allergenlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan havodagi turli zarralar olindi. Bundan tashqari, ularga joylashtirilgan datchiklar turli balandlikda havo harorati, bosimi, uning sifati va radiatsiyani o‘lchaydi. Kubsatni uchirishdan oldin qizlar Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan quvvati 100 MVt bo‘lgan Nur Navoi Solar quyosh stantsiyasida bo‘lishdi. Bu Masdar kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilgan quyosh energetikasi sohasidagi birinchi loyiha hisoblanadi. 

UniSat STEM-ta’lim dasturi 6 oydan buyon davom etmoqda. Nanosun’iy yo‘ldoshlarni uchirishdan oldin mamlakatning barcha hududlaridan tanlovga ariza topshirgan 14-25 yoshdagi qizlar UniSat ta’lim modullari bo‘yicha onlayn o‘qishdi. Ta’lim dasturi yo‘ldoshsozlik, dasturlash, radioelektronika, ma’lumotlar tahlili, astronomiya, 3D-modellashtirish va muhandislik ishi bo‘yicha darslarni o‘z ichiga oladi. UniSat dasturi hamkor tashkilotlar – UNICEF, Tech4Impact NNT va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi qizlarning nafaqat dasturga kiritilgan fanlar bo‘yicha bilimlarini rivojlantirish, balki ularga loyiha ustida ishlash, jamoa bo‘lib ishlash, omma oldida chiqishlar qilish, vaqtni samarali boshqarish ko‘nikmalarini ham singdirishdan iborat. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42420 | Инструменты