Xitoy rasmiylari va avtomobil ishlab chiqaruvchilari Drezden va Osnabryukdagi Volkswagen‘ga tegishli yopilish xavfi ostida turgan ikkita zavodni sotib olishlari mumkin. Xaridorlar orasida Chery va BYD ishlab chiqaruvchilari borligi aytilyapti.
Reuters agentligining tushuntirishicha, Volkswagen zavodining sotib olinishi Xitoyga nemis avtomobilsozlik sanoatida, ayniqsa eng qadimgi va nufuzli avtomobil brendlari taqdim etilgan premium segmentda o‘z taʼsirini kuchaytirishga imkon beradi.
Xitoy kompaniyalari hozirda Germaniya iqtisodiyotining telekommunikatsiyadan robototexnikagacha bo‘lgan turli sohalariga sarmoya kiritmoqda va hatto, Mercedes-Benz ham ikkita yirik xitoylik aksiyadorga ega.
Germaniyada Yevropada sotiladigan avtomobillarni ishlab chiqarish xitoyliklik sarmoyadorlarga, shuningdek, Yevroittifoq import bojlaridan qochish imkonini beradi. O‘z navbatida, Yevropa ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshligiga qo‘shimcha xavf tug‘dirishi ham istisno qilinmayapti.
Reuters manbasi Xitoyning Volkswagen zavodlariga sarmoya kiritishi Germaniya hukumatining fevraldagi saylovlardan keyin Xitoyga nisbatan tutgan pozitsiyasiga bog‘liq bo‘lishini aytgan.
Maʼlumot uchun, 2024 yil dekabr oyi oxirida Volkswagen ishlab chiqarish quvvatini 734 mingta avtomobilga qisqartirishini eʼlon qilgan edi. Bu kompaniyaning Germaniyadagi umumiy quvvatini taxminan chorak qismini tashkil etadi. Shuningdek, nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisi mamlakatdagi zavodlarida 35 ming ish o‘rinlarini qisqartiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11621 | Инструменты