Huawei 1
14 yoshli hindistonlik matematikadan bir kunda oltita rekord o‘rnatdi

“Kalkulyator bola” deb atalayotgan hindistonlik 14 yoshli Aaryan Shukla og‘zaki hisob-kitobda ajoyib qobiliyatini namoyish etib, bir kunda oltita jahon rekordini yangiladi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy veb-saytida xabar berildi.

Maxarashrtralik vunderkind o‘zining birinchi jahon rekordini bir yilcha avval o‘rnatgandi: u o‘shanda 25,19 soniya ichida 50 ta besh xonali sonni xayolida qo‘shib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Shundan keyin Aaryan tinmay mashq qilib keldi. Ginnes rekordlar kitobi vakillari bolani Dubayga taklif etdi, endi uning hisobida yana oltita unvon mavjud.

Bola 30,9 soniyada 100 ta to‘rt xonali sonni, 1 daqiqa 9,68 soniyada 200 ta to‘rt xonali sonni va 18,71 soniyada 50 ta besh xonali sonni miyasida qo‘sha oldi. Aaryan 20 xonali sonni o‘n xonali songa bo‘lish uchun 5 daqiqa 42 soniya sarfladi. O‘smir ikkita besh xonali va ikkita sakkiz xonali sonni xayolan ko‘paytirish uchun esa mos ravishda 51,69 soniya va 2 daqiqa 35,41 soniya vaqt sarfladi.

Aaryan zehnini o‘tkir saqlash uchun kuniga besh-olti soat matematika bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, bola miyasida shunday aql bovar qilmaydigan hisob-kitoblarni qanday qilib chaqmoq tezligida” bajarayotganini izohlab berolmaydi.

“Miyamda nima bo‘layotganini tushuntirib berolmayman. Men buni tabiiy ravishda qilyapman. Aslida, bu shunchalik tezki, o‘ylashga ham ulgurmaysiz, faqat hisob-kitob qilishingiz kerak bo‘ladi”, — deydi u.

Aaryanning otasi, oilasi ham bolaning matematikaga bo‘lgan qobiliyati qayerdan kelib chiqqanini tushunmasligini aytadi. Ota-ona faqat Aaryan mashg‘ulotlar paytida charchab qolmasligi va stressga tushmasligini nazorat qilmoqda.

Maktab darslariga qo‘shimcha ravishda kundalik mashg‘ulotlar ko‘p vaqtni olishiga qaramay, o‘smir dam olish uchun ham fursat topadi. Masalan, Aaryan meditatsiya qilishni, kitob o‘qishni (ayniqsa sarguzasht va detektiv janrlarini), video o‘yinlar va kriket o‘ynashni hamda sayohat qilishni yaxshi ko‘radi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31322 | Инструменты