Ijtimoiy tarmoqlarda iPhone 15 foydalanuvchilari seriyadagi barcha telefonlar haddan tashqari qizib ketganidan shikoyat qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Apple kompaniyasi buning sababini ochiqlab, muammoni bartaraf etishga va’da berdi, deya xabar qilmoqda Bloomberg.
Ma'lum qilinishicha, smartfon korpusi ayrim hollarda 42-48 darajaga qizigan. Apple iPhone 15 modellari odatdagidan ko‘ra qizib ketishining uchta sababi borligini tan oldi.
Birinchi sabab — foydalanishning birinchi kunlarida iOS foydalanuvchi sozlamalari va maʼlumotlarini fon rejimida tiklaydi, bu esa protsessorni odatdagidan ko‘proq ishlashga majbur qiladi.
Ikkinchi sabab — “tizimni ortiqcha yuklaydigan” uchinchi tomon ilovalari. Bular Instagram, Asphalt 9 va Uber. Kompaniya ishlab chiquvchilarga ushbu muammoni hal qilishda va tegishli yangilanishlarni chiqarishda yordam berishini aytdi.
Uchinchi sabab — iOS 17 dagi xatolik bo‘lib, u haddan tashqari qizib ketish muammosini yanada kuchaytiradi, biroq kompaniya bu nima ekanini oshkor qilmagan. Apple muammoni hal qilish ustida ishlamoqda — muammo keyingi iOS yangilanishlaridan birida tuzatiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50819 | Инструменты