AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning sumkasini o‘g‘irlashda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda holat bo‘yicha olib borilayotgan tergovga aloqador manbalariga tayanib CNN telekanali xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida yana «ko‘plab» hibsga olishlar amalga oshirilishi kutilmoqda.
«Xodimlarimiz xavfsizligi uchun hozircha buni tasdiqlay yoki rad eta olmaymiz. Ichki xavfsizlik vazirligi ayblov e’lon qiladigan bo‘lsa, bu bo‘yicha amaldagi tartibga muvofiq xabar beriladi», — deydi AQSh Maxfiy xizmati vakili Entoni Gulelmi. Maxfiy xizmat yuqori lavozimdagi amaldorlar, jumladan, vazir Noemning ham xavfsizligini ta’minlaydi.
Vazir 20 aprel kuni Vashingtondagi The Capital Burger restoranida oila a’zolari bilan tushlik qilish vaqtida o‘g‘irlik qurboni bo‘lgandi. Maxfiy xizmat xodimlari ham restoranda bo‘lgan, ammo ular videokameralardagi yozuvlarni ko‘rgandan keyin o‘g‘irlik sodir etilganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Ko‘plab manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, vazirning Gucci sumkasi ichida 3 ming dollar, Kristi Noem nomiga haydovchilik guvohnomasi, dorilar, kvartira kaliti, pasport, Ichki xavfsizlik vazirligiga kirish guvohnomasi, kosmetika vositalari chek daftarchasi bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Kristi Noem Amerika ma’muriyatiga kelgunga qadar Janubiy Dakota shtati gubernatori, undan avval esa AQSh Kongressining Vakolatxonalar palatasi a’zosi bo‘lgan. Ichki xavfsizlik vaziri sifatida u milliy xavfsizlikka mas’ul bo‘lgan bo‘limni boshqaradi. Uning faoliyat sohasiga chegara nazorati va migratsiya, terrorizmdan himoya va kiberxavfsizlik masalalari kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42804 | Инструменты