AQSH may oyidan B61-13 deb nomlangan eng yangi termoyadro bombalarining ommaviy ishlab chiqarilishini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu reja belgilangan muddatdan deyarli bir yil oldinga surilgan. Bu haqda AQSH Energetika vazirligi huzuridagi Yadro xavfsizligi milliy boshqarmasi (NNSA) rahbari vazifasini bajaruvchi Tereza Robbins Vakillar palatasi qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“NNSA B61 bombalarining 13-modifikatsiyadagi ilk nusxasi shu oy oxirida ishlab chiqarilishiga umid qilmoqda. Bu esa dastlabki rejalardan deyarli bir yilga oldinroq”, dedi Robbins.
B61 – AQSHning asosiy termoyadro gravitatsion bombasi bo‘lib, zarba kuchi sozlanadigan turli variantlarga ega. Xususan, B61-7 modifikatsiyasi 340 kilotonnagacha yetadigan to‘rt xil zarba quvvatiga ega strategik variant hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Pentagon 2023 yil oktyabr oyida o‘zining asosiy yadroviy qurolini B61-13 versiyasiga yangilash rejalari haqida e’lon qilgan. Bu qaror “potensial raqiblar tomonidan ortib borayotgan tahdidlar” bilan izohlangan. Shu bilan birga, AQSH Mudofaa vazirligining kosmik siyosat bo‘yicha yordamchisi Jon Plamb o‘sha paytda bergan bayonotida B61-13 bombalari ishlab chiqarilishi yadro arsenalining umumiy sonini oshirish maqsadini ko‘zlamasligini ta’kidlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51122 | Инструменты