AQSH Mudofaa vazirligi Yaqin Sharqdagi yagona USS Abraham Linkoln aviatashuvchisini olib chiqdi. Biroq Qo‘shma Shtatlar turli tahdidlar va kutilmagan vaziyatlarga qarshi kurashish uchun yetarli salohiyatga egaligini bildirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
USS Abraham Linkoln AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’sul zonani tark etib, Hind-Tinch okeanidagi 7-flot tarkibiga kirdi. U avgust oyi boshida mudofaa vaziri Lloyd Ostin topshirig’i bilan USS Teodor Ruzvelt aviatashuvchisi o‘rnini egallagandi.
Eron va Isroil munosabatlari keskinlashgani bois AQSH mintaqaga qo‘shimcha raketaga qarshi mudofaa tizimlari, qiruvchi va tanker samolyotlari joylashtirdi. Qatardagi Al Udeyd bazasiga oltita B-52 Stratofortres strategik bombardimonchilari olib kelindi.
USS Abraham Linkoln aviatashuvchisining Yaqin Sharqni tark etishi AQSHning mintaqadagi harbiy faolligini keskin kamaytiradi. Biroq Pentagon tahdidlarga qarshi turish, xususan, Yaman husiylarining dron va raketalarini tutib olish uchun yetarli salohiyati borligini aytmoqda. Rasmiylar, shuningdek, husiylarning qurol-yaroq omborlari va boshqa nishonlariga zarba berish imkoniga ega ekanini bildirdi.
Biz markaziy qo‘mondonlik hududida F-16, F-15 va bir nechta B-52 bombardimonchilarini o‘z ichiga olgan muhim zarbdor kuchni saqlab turamiz. Demak, u yerda muhim pozitsiyamiz bor, dedi Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx jurnalistlarga.
USS Abraham Lincoln AQSH harbiy dengiz kuchlari safida xizmat qilayotgan 11 ta faol yadroviy aviatashuvchilardan biri hisoblanadi. U Fors ko‘rfazi, Iroq va Afg‘onistondagi qator harbiy amaliyotlarda qatnashgan. Kema jami 80 ga yaqin havo bortlari, jumladan, F-35C, F/A-18 Hornet qiruvchi samolyotlari hamda MH-60R Seahawk ko‘p maqsadli vertolyotlarini olib suzadi. Ularni bir vaqtning o‘zida ham hujum, ham mudofaa maqsadlarida qo‘llash mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112019 | Инструменты