AQSHda 16 yoshli o‘smir maktabda otishma uyushtirib, uch o'quvchi va bir o'qituvchini o‘ldirdi

AQSHning Oregon shtati Bend shahrida joylashgan boshlang‘ich maktabda 15-oktyabr kuni 16 yoshli o‘smir otishma uyushtirdi. Oqibatda to‘rt kishi, jumladan, uch nafar bola va o‘qituvchi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bosqinchi Silver Rail boshlang‘ich maktabiga qulflangan eshiklarni o‘qqa tutib kirgan. Hozircha gumondorning yoshidan boshqa tafsilotlar ochiqlanmadi.

Bend shahri politsiyasi boshlig‘i Mayk Krants matbuot anjumanida qurbonlar 5, 8 va 11 yoshli bolalar hamda bir nafar o‘qituvchi ekanini aytdi. Bundan tashqari, 7 yoshli o‘quvchi va 54 yoshli o‘qituvchi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Favqulodda xizmatlarga birinchi qo‘ng‘iroq mahalliy vaqt bilan soat 12:59 da tushgan. Avtomobildagi fuqaro uzun stvolli qurol bilan qurollangan shaxs unga bir necha bor o‘q uzganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng maktabga bosqinchi kirgani haqida o‘nlab qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan. Politsiya zudlik bilan maktabda karantin tartibini e’lon qilgan.

Huquq-tartibot xodimlari soat 13:02 da voqea joyiga yetib kelgan. Birozdan keyin xodimlardan biri gumondor otib o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Politsiya bino ichiga kirib, hujumchining o‘lganini tasdiqlagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101718 | Инструменты