Huawei 1
AQShda Kiberqo‘mondonlik va Milliy xavfsizlik agentligi rahbari lavozimdan olindi

AQSh Qurolli kuchlari Kiberqo‘mondonligi va Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) rahbari sifatida faoliyat yuritib kelgan general Timoti Xo lavozimdan olindi, deb xabar bermoqda The Washington Post.

Bundan tashqari, Xoning Milliy xavfsizlik agentligidagi o‘rinbosari Vendi Nobl ham lavozimdan olingan.

Agentlik rahbarining ishdan bo‘shatilishini o‘ta o‘ng faol Lora Lumer AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvda so‘ragan edi. U Xo va Milliy xavfsizlik kengashining yana bir necha xodimini Trampga sodiq emaslikda ayblagan.

Lumerning chaqiriqlaridan keyin 3 aprel kuni Milliy xavfsizlik kengashining kamida besh nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan. MXA rahbarlarining nima sababdan lavozimdan olinganiga rasman izoh berilmagan.

WP’ning yozishicha, mart oyida Xo Trampning maslahatchisi va Hukumat samaradorligi departamenti rahbari Ilon Mask bilan MXAning Merilenddagi shtab-kvartirasida uchrashgan. Amerikalik amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv «muvaffaqiyatli» o‘tgan.

General Timoti Xo Milliy xavfsizlik agentligi va AQSh Kiberqo‘mondonligi rahbarligiga 2024 yil fevralda tayinlangan edi. U 30 yillik harbiy xizmat tajribasiga ega «kiberxavfsizlik sohasidagi professional» deya ta’riflanadi. Shuningdek, u 2018 yilgi oraliq saylovlarni Rossiyaning ehtimoliy aralashuvidan himoyalanish maqsadida Kiberqo‘mondonlik kuchlari harakatiga rahbarlik qilgan.

2025 yil fevral oxirlarida AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Kiberqo‘mondonlik Rossiyaga qarshi har qanday rejalashtirilgan harakatlarni to‘xtatishni buyurgani ma’lum bo‘lgandi. Pentagon ushbu xabarni rad etgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41107 | Инструменты