Huawei 1
AQShdagi saylovlar: Tramp o‘nta shtatda g‘alaba qozonyapti

AQShdagi prezidentlik saylovlarida Tramp Jorjiya va Shimoliy Karolinada, Harris Michigan va Pensilvaniyada yetakchilik qilmoqda.

AP prognozlariga ko‘ra, Jorjiyada Toshkent vaqti bilan soat 7.00 holatiga ko‘ra, Donald Trampga 55,2 foiz, Kamala Harrisga 47,2 foiz saylovchilar ovoz bergan. Shimoliy Karolinada - Tramp uchun 53,9 foiz, Harris uchun 45,1 foiz. Pensilvaniyada 67,3 foiz saylovchilar Harrisni, 31,9 foizi Trampni, Michiganda 54,8 foizi Harrisni, 43,2 foizi Trampni qo‘llab-quvvatlagan.

2024 yilgi prezidentlik poygasida yettita ikkilanayotgan shtat bor: Arizona, Nevada, Viskonsin, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Michigan. U yerdagi saylovchilarning ovozlari butun prezidentlik poygasi natijalariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

AP: Tramp 101 ta saylovchilar kollegiyasi ovoziga ega, Harris - 16 shtatdan 38 ta ovozga

AP respublikachi Donald Trampning Indiana, Kentukki, G‘arbiy Virjiniya, Oklaxoma, Florida, Tennessi, Janubiy Karolina, Missisipi, Alabama va Arkanzas shtatlarida yetakchilik qilishini taxmin qilmoqda.

Kamala Harris Konnektikut, Massachusets, Vermont, Merilend, Rod-Aylend va Delaverda g‘alaba qozonyapti.

Agar saylovchilar ovozlari haqida gapirilsa, bu shtatlarda Tramp 101, Xarris esa 38 ovoz olishi mumkin.

AQSh prezidenti saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Amerikaning 50 shtatlarining har birida, shuningdek, Kolumbiya okrugida ma’lum miqdordagi saylovchilar bor. Ularning soni aholi soniga bog‘liq. Nomzod xalq ovozini yo‘qotib qo‘yishi va Saylov kollegiyasining ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritishi va prezident bo‘lishi mumkin. Bu AQSh tarixida besh marta, jumladan, Donald Trampning 2016 yildagi g‘alabasida ham sodir bo‘lgan.

Ko‘pgina hollarda, shtatda eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod avtomatik ravishda barcha saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ammo ikkita istisno mavjud: Nebraska va Men. Nebraska respublikachilarga ko‘p ovoz beradi, ammo demokratik nomzod, vitse-prezident Kamala Harris u yerda kamida bitta saylovchilar ovozini olish imkoniyatiga ega. Bu ikkala shtatda ham saylovda ovozlar bo‘linishi mumkin.

Saylovda g‘alaba qozonish uchun mutlaq ko‘pchilik — kamida 270 saylovchilar ovozi kerak. Agar nomzodlarning hech biri kerakli songa yetmasa, prezident AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan, vitse-prezident esa Senat tomonidan saylanadi.

Tramp soxtalashtirishlar haqida ma’lum qildi

Dastlabki saylov uchastkalari yopilishidan biroz oldin Donald Tramp saylovda ovoz berishning halolligiga shubha qildi. «Filadelfiyada yirik soxtalashtirishlar haqida ko‘p gapirilyapti. Huquqni muhofaza qilish organlari yo‘lda!» – deb yozdi u o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida bu da’voga hech qanday dalil keltirmasdan.

Filadelfiya shahar komissari Set Blyusteyn Trampning so‘zlari «mutlaqo yolg‘on» ekanini aytdi. «Bu noto‘g‘ri ma’lumotlarning yana bir misoli. Filadelfiyada ovoz berish xavfsiz va tinch o‘tdi», deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110610 | Инструменты