Huawei 1
Armaniston parlamenti YeIga a’zo bo‘lishni boshlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi

Armaniston parlamenti «Armaniston Respublikasining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Qonun loyihasini 63 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, yetti nafar deputat esa qarshi ovoz bergan.

Qayd etilishicha, hujjatni hukmron «Fuqarolik shartnomasi» fraksiyasi vakillari qo‘llab-quvvatlagan. Muxolif «Armaniston» fraksiyasi esa ovoz berish jarayonida ishtirok etmagan.

Qonun loyihasini 9 yanvarda Armaniston hukumati ma’qullagan edi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ushbu qonun «Armanistonning Yevropa Ittifoqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri a’zoligini anglatmasligini» va bu masala bo‘yicha qaror «faqat referendum orqali qabul qilinishi mumkinligini» ta’kidlagandi. «Qonun qabul qilingandan so‘ng biz YeI bilan ular tasavvur qilgan va biz tasavvur qilgan yo‘l xaritasini muhokama qilishimiz kerak», — degan edi Pashinyan.

Qonun loyihasini ko‘rib chiqish tashabbuskori «Demokratik kuch platformasi» bo‘lib, u ikki oy ichida 60 ming (qonun talab qilgan 50 ming) imzo to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu imzolar loyihani parlamentga ko‘rib chiqish uchun kiritishga talab etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21221 | Инструменты