Huawei 1
Bashar Asad Suriyadan qochganidan buyon ilk bor bayonot berdi

Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad mamlakat poytaxti Damashqda 8 dekabr erta tonggacha bo‘lgan. U shu kuni kechqurun Suriyani tark etdi, deyiladi sobiq prezident bayonotida. RBK bayonotdan iqtiboslar keltirdi.

«Suriyada terrorizm tahdidining kuchayishi va 2024 yil 7 dekabr, shanba oqshomida terrorchilarning poytaxt Damashqqa yetib kelishi bilan sarosimalar va haqiqatdan yiroq voqealar oqimi ostida prezidentning taqdiri va qayerda ekanligi haqida savollar paydo bo‘la boshladi. Ular Suriya ozodlik inqilobi niqobi ostida xalqaro terrorizmni o‘rnatish jarayonini qo‘llab-quvvatlagan. Xalq hayotining tanqidiy tarixiy pallasida, haqiqat ro‘y berishi kerak bo‘lgan bir paytda qisqacha bayonot orqali ba’zi narsalarni oydinlashtirish zarur. Vaziyatlar va keyinchalik xavfsizlik nuqtai nazaridan aloqalarning to‘liq to‘xtatilishi buni amalga oshirishga imkon bermadi. Avvalo, mish-mishlarga qaramasdan, men mamlakatni rejali tarzda tark etmadim va janglarning so‘nggi soatlarida ham ketmadim, 2024 yil 8 dekabr, yakshanba kuni erta tonggacha Damashqda qolib, o‘z vazifalarimni bajardim», deyiladi Asad bayonotida.

Asad so‘zlariga ko‘ra, u «terrorchi kuchlar Damashqqa kirib kelganida» Lazqiyadagi Rossiya harbiy bazasiga qochgan.

«Damashqda terrorchilar tarqalgach, Lazqiyaga ko‘chib o‘tdim, janglarni u yerdan kuzatmoqchi edim. Ertalab Xmeymim bazasiga yetib borgach, hukumat qo‘shinlari barcha jangovar yo‘nalishlardan chiqib ketgani va armiyaning so‘nggi pozitsiyalari qulagani, shu bilan birga harbiy holat yomonlashgani va Rossiya harbiy bazasiga dronlar orqali hujumlar kuchayganining guvohi bo‘ldim. Bazani biror yo‘nalishda tark etishning iloji yo‘qligi sababli, Moskva Damashq qulaganidan keyingi kun, yakshanba, 8 dekabr kuni kechqurun oxirgi harbiy pozitsiyalar boy berilgan va oqibatda qolgan barcha davlat institutlari falaj holatga kelganidan keyin Rossiyaga zudlik bilan evakuatsiya qilish masalasini ishlab chiqish iltimosi bilan baza rahbariyatiga murojaat qildi», deb qo‘shimcha qildi Asad.

Shu bilan birga, sobiq prezident ushbu voqealar paytida iste’foga chiqish yoki boshpana so‘rash haqida hech qachon o‘ylamaganini aytdi.

«Ushbu voqealar davomida men yoki boshqa shaxs yoki partiya tomonidan boshpana so‘rash yoki iste’foga chiqish masalasi ko‘tarilmagan va ko‘rib chiqilgan yagona variant – terror hujumini himoya qilish uchun kurashni davom ettirish edi», dedi Asad.

Shuningdek, u urushning birinchi kunidanoq «o‘z yurti najotini shaxsiy xavfsizlikka almashtirish yoki turli taklif va vasvasalar orqali o‘z xalqi bilan savdolashishdan bosh tortganini», «o‘z armiyasi askarlari bilan front chizig‘ida, eng qaynoq va xavfli mojaro o‘choqlarida terrorchilardan o‘nlab metr uzoqlikda bo‘lganini», «urushning eng og‘ir yillarida va 14 yillik urush davomida poytaxtni tark etmagani, oilasi va xalqi bilan birga qolganini», «Falastin va Livandagi qarshilikni tark etmagani va ittifoqchilarga xiyonat qilmaganini», shu sababli, «o‘z xalqini tashlab ketuvchi, xalqi va armiyasiga xiyonat qiluvchi shaxs emasligini» ta’kidladi.

«Men hech qachon mansab izlovchi odam bo‘lmaganman, lekin o‘zimni milliy loyihaning egasi deb hisoblayman, xalq unga ishongan va qo‘llab-quvvatlagan. Men bu xalqning irodasiga, o‘z davlatini saqlab qolish, o‘z institutlari va tanlovlarini so‘nggi daqiqalargacha himoya qilish qobiliyatiga ishonardim. Davlatning terrorizm qo‘liga qulagani va biror narsani ta’minlash qobiliyatini yo‘qotishi bilan bu lavozim bo‘sh va ma’nosiz bo‘lib qoldi va unda mas’uliyat saqlab qolishdan ma’no yo‘q edi. Bu hech qanday holatda Suriya va uning xalqiga tegishli bo‘lgan haqiqiy milliylikni rad etishimni anglatmaydi. Suriya erkin va mustaqil davlat sifatida qaytishiga bo‘lgan umidim buni o‘zgartirmaydi», deb qo‘shimcha qildi Asad.

RBK nashrining ta’kidlashicha, Bashar Asadning ushbu bayonoti 16 dekabrda e’lon qilingan va e’lon qilingan joy «Moskva» deb ko‘rsatilgan.

Bashar Asadning mamlakatdan qochishi rossiyalik razvedka xodimlari yordamida uyushtirildi, deb yozdi avvalroq Bloomberg. Ular prezidentni Suriyadagi Rossiya harbiy havo bazasi orqali olib chiqqan. Asad jo‘nab ketayotganda kuzatuvga tushmaslik uchun samolyot transponderi o‘chirilgan.

Bashar Asad Moskvaga kelgani va Rossiya unga boshpana bergani haqida 8 dekabr kuni kechqurun TASS va RIA Novosti agentligi xabar qildi. Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Asad «Suriya hududidagi qurolli mojaroning bir qator ishtirokchilari» bilan muzokaralar olib borganini va prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qilganini tasdiqladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121623 | Инструменты