Ilon Mask o‘z kompaniyasi AQSh harbiylari va razvedkasi topshirig‘iga ko‘ra kosmosga nimalar yuborayotganini bilmaydi, deb yozmoqda The Wall Street Journal. Kompaniya o‘z ta’sischisi ma’lumotlarning bu qismidan xabardor bo‘lishi shart emas deb hisoblaydi.
Gazetaning qayd etishicha, Ilon Maskda mutlaqo maxfiy ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat bor. Ammo unda SpaceX’ning bevosita hukumat buyurtmalari bilan ishlovchi 400 nafardan ortiq xodimidan farqli o‘laroq, alohida saqlash rejimiga ega maxfiy ma’lumotlardan foydalanish vakolati yo‘q.
Bu — maxfiy axborot manbalariga tegishli yoki ulardan olingan ma’lumotlar, razvedka idoralarining ishlash usullari va ular tomonidan qo‘llanadigan tahliliy jarayonlar haqidagi ma’lumotlardir. Bu turdagi hujjatlar bilan faqat maxsus qo‘riqlanadigan obektlarda ishlash mumkin. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar alohida tartibda taqdim etiladi va nomzod qo‘shimcha ravishda tekshiruvdan o‘tadi.
WSJ’ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, SpaceX yuristlari Mask muntazam ravishda chet el fuqarolari, jumladan, boshqa davlatlar hukumatlari bilan muloqotda bo‘lib kelgani, shuningdek, narkotik moddalar iste’mol qilishi tufayli bu turdagi maxfiy ma’lumotlardan xabardor bo‘lishi shart emas deb topgan. Gazetaga ko‘ra, Mask aynan shu muammolar sabab maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha hozirgi ruxsat darajasini olishga juda ko‘p vaqt sarflagan.
Gazetaning qayd etishicha, nazariy jihatdan Donald Tramp milliarderni «Hukumat samaradorligi departamenti» rahbari etib tayinlagandan keyin Ilon Mask ko‘proq davlat sirlari bilan tanishish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. SpaceX hozirda Mask mutlaqo maxfiy ma’lumotlar bilan tanishishi mumkin bo‘lgan qo‘riqlanuvchi obektlarni qidirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121623 | Инструменты