Eronlik biznesmen Husayn Shamhaniy Rossiyaga yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘ning chorak qismini ta’minlayotgan biznesga egalik qiladi. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Husayn Shamhaniy — Eron sobiq mudofaa vaziri, hozirda oliy rahnamo oyatulloh Ali Xominaiyning maslahatchisi lavozimida ishlayotgan Ali Shamhaniyning o‘g‘lidir. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, kichik Shamhaniy Kaspiy dengizi orqali Rossiyaga qurol yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi biznesmenlar guruhiga kiradi. Bloombergʼning qayd etishicha, u Eron qurollarini Moskvaga sotishda «muhim rol» o‘ynaydi.
Biznesmen Eron va Rossiya neft hamda neft mahsulotlariga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan davlatlar orqali eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar tarmog‘iga egalik qiladi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Shamhaniy imperiyasi, shuningdek, London, Jyeneva va Singapurda ofislari mavjud hedj-fondlarni, o‘nlab kemalarni o‘zi ichiga oladi.
Manbalarning ta’kidlashicha, Shamhaniy kompaniyalariga bog‘liq kamida ikkita kema 2023 yilda Kaspiy dengizi orqali Rossiyaga qurollar, uchuvchisiz uchish apparatlarining ehtiyot qismlari va ikkilamchi maqsadlarga mo‘ljallangan tovarlarni yetkazgan.
Agentlik suhbatdoshlarining qayd etishicha, Moskva mazkur yuklarga neft bilan to‘lov qiladi. AQSh milliy xavfsizligi bo‘yicha sobiq maslahatchi Jon Boltonning hisoblashicha, Shamhaniy tarmog‘i Rossiya Ukrainaga qarshi hujumda foydalanayotgan dronlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Moskva va Tehron o‘rtasidagi mudofaa sherikligi Ukrainaga qarshi boshlangan urushdan keyin sezilarli darajada mustahkamlandi. Xususan, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga Eronda ishlab chiqarilgan «Shaheed» dronlari yordamida zarbalar bermoqda. Sentyabr boshlarida The Wall Street Journal va CNN Eron Rossiyaga kichik masofaga mo‘ljallangan ballistik raketalarni bergani haqida yozgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122605 | Инструменты