Ayrim tadqiqotchilar Arktika muzliklarining erishi potensial o‘lim mikroblarini «ozod qilishi» mumkin deb hisoblamoqda. Bu haqda BMT saytida e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.
Tadqiqotlardan birida keltirilishicha, 2016 yilda yoz fasli odatdagidan issiq kelganida Sibir kuydirgisini chaqiruvchi bakteriya Yamal yarimorolida 2,5 mingdan ziyod bug‘uning o‘limiga sababchi bo‘lgan. Oldinlari abadiy muzlikda «uxlagan» patogen oxir-oqibat odamlar orasida ham tarqalib, 12 yoshli bolaning o‘limiga olib kelgan.
Ayrim tadqiqotchilar ushbu epidemiyani kelajakdagi voqealarning xabarchisi deya hisoblaydi. Iqlim o‘zgarishi tufayli Arktikada havo harorati tezda ilimoqda va muzliklarning erishi yuzlab yillar davomida muzlar orasida «uxlab» yotgan, zamonaviy insonning ularga qarshi immuniteti bo‘lmagan ko‘plab xavfli mikroblarni ozod etib yuborishi mumkin.
Bu turdagi xavf haqida BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP va Xalqaro ilmiy kengashi hisobotida ham so‘z boradi.
«Ushbu mikroblar hozirda abadiy muzlikda ekani bois qanchalik tarqalishi yoki xavfli bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Ammo xavotirlar uchun sabablar bor», — deydi YuNEP bosh ilmiy xodimi Andrea Xinvud.
Bugungi kunda Arktika yerning boshqa qismlariga nisbatan to‘rt barobar tezroq isimoqda. Environmental Sustainability jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, har yili 4 sekstillion mikrob ozod bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, kasalliklarning tarqalishi — Arktika muzliklarining erishi bilan bog‘liq yagona muammo emas.
Muzliklarda qariyb 1500 gigatonna uglerod saqlanadi — bu atmosferadagi ugleroddan taxminan ikki barobarga ko‘p demak. Muzliklarning erishi natijasida uglerod atmosferaga tarqalib, karbonat angidrid yoki metan hosil qiladi. Ushbu issiqxona gazlari sayyorani yanada qizdirib, muzliklar erishini tezlashtiradi.
Xinvudning aytishicha, xalqaro hamjamiyat nazorat qilib bo‘lmaydigan iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun global isishni yuzaga keltirayotgan parnik gazlari chiqishini qisqartirishi kerak.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10922 | Инструменты