Bolgariya va Ruminiya Shengen zonasining to‘laqonli a’zolari bo‘lishdi. 1 yanvar, chorshanba kunidan boshlab Shengen kelishuvining qolgan ishtirokchilari bilan ushbu mamlakatlarning Yevropa ichki quruqlik chegaralarida tekshiruvlar bekor qilindi.
Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlari Avstriya vetosini bekor qilganidan keyin deyarli uch hafta oldin shunday qaror qabul qilgan.
Shunday qilib, Vengriya yoki Gretsiya orqali ikki davlatga kiruvchi sayohatchilar va yuk mashinalari haydovchilari endi kechikmaydi. Hujjatlar endi Bolgariya-Gretsiya chegarasining oltita rasmiy o‘tish punktlarida taqdim etilmaydi, deya aniqlik kiritdi dpa agentligi. Ruminiya tomonidagi chegaraning 30 kilometrlik qismida faqat e’lon qilinmagan, tasodifiy, maqsadli tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Mart oyida ikkala davlat ham kelishuvga a’zo boshqa davlatlardan kirishda aeroportlar va dengiz portlarida nazoratdan voz kechgan edi.
Shengen zonasi davlatlari soni 29 taga yetdi
Ruminiya va Bolgariya bilan birgalikda Shengen zonasiga endi 29 ta davlat kiradi. Gap Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatdan 25 tasi, shuningdek, Shveytsariya, Norvegiya, Islandiya va Lixtenshteyn haqida bormoqda.
Buxarest va Sofiya 2007 yilda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan.
Yevropa komissiyasiga maslahat beruvchi Yevropa iqtisodiy ijtimoiy qo‘mitasi (EESC) hisob-kitoblariga ko‘ra, Shengen hududida to‘laqonli a’zolik yo‘qligi sababli Bolgariya har yili 834 million yevro yo‘qotgan. Ruminiya uchun zarar yiliga 2,32 milliard yevroni tashkil etdi. Ruminiyadagi transport kompaniyalari chegaralardagi kechikishlar tufayli yiliga yana 90 million yevro yo‘qotadi.
Vetoni bekor qilgan Avstriya Ichki ishlar vazirligi rahbari Gerxard Karner o‘z pozitsiyasining o‘zgarishini «chegarani noqonuniy kesib o‘tishning keng ko‘lamli qisqarishi» bilan izohladi.
So‘nggi oylarda bir qator Shengen davlatlari, jumladan, Germaniya va Niderlandiya, noqonuniy migratsiyaning kuchayishi sababli o‘z chegaralarida nazoratni joriy qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10408 | Инструменты