Braziliya hukumati Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi gigant kompaniyasi — BYD zavodi qurilishini to‘xtatdi. Bunga ishchilar “qullardek” yashayotgani sabab bo‘ldi, deb yozmoqda BBC.
Davlat mehnat prokuraturasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliyaning shimoli-sharqiy Baiya shtatida 160 dan ortiq ishchi “qutqarilgan”. Ta’kidlanishicha, ular inson qadr-qimmatiga to‘g‘ri kelmaydigan sharoitlarga joylashtirgan, qurilish kompaniyasi ularning pasportlarini tortib olib, maosh ham bermagan.
BYD kompaniyasi o‘z bayonotida qurilish firmasi bilan aloqalarni uzgani va “Braziliya qonunchiligiga to‘liq rioya qilishini” ma’lum qilgan.
Zavod 2025 yilning mart oyiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi, u BYD’ning Osiyodan tashqarida elektromobillar ishlab chiqaradigan birinchi zavodi bo‘lishi kutilayotgandi.
Jinjiang Construction Brazil kompaniyasi tomonidan yollangan ishchilar Kamasari shahridagi to‘rtta obektda yashagan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, bu obektlardan birida ishchilar ko‘rpa-to‘shaksiz uxlashga majbur qilingan. Bitta hammomdan 31 kishi foydalangani ortida ishchilar ancha erta uyqudan turishga majbur bo‘lgan.
BYD jabrlanganlar mehmonxonalarga joylashtirilganini xabar qildi. Kompaniya subpudratchi xodimlarning mehnat va yashash sharoitlarini “batafsil o‘rganib chiqqanini” hamda qurilish firmasiga sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha “bir necha marta” so‘rov yuborganini qo‘shimcha qildi.
BYD dunyo miqyosidagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. 2023 yilning oxirgi uch oyida kompaniya Ilon Maskning Tesla kompaniyasiga qaraganda ko‘proq elektromobil sotdi. Braziliya — kompaniyaning chet eldagi eng yirik bozori. 2015 yilda BYD San-Pauluda elektrobuslar uchun shassi ishlab chiqaradigan birinchi zavodini ochgan.
O‘tgan yili BYD Braziliyada elektromobillar ishlab chiqarish zavodini qurish uchun 484,2 million dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi.
Xitoyda elektromobillar savdosi davlat subsidiyalari tufayli oshgan. Ammo xorijda Xitoy hukumatining mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashiga nisbatan norozilik kuchayib bormoqda.
AQSh va Yevropa Ittifoqi singari yirik bozorlar Xitoydan keltirilgan elektromobillarga bojxona solig‘ini joriy etdi. AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp boshqaruvi davrida esa bu tariflar yanada oshishi kutilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122603 | Инструменты