Britaniyadagi kompaniyalarning yarmi yangi xodimlar yollash o‘rniga sun’iy intellektga ko‘proq e’tibor qaratish niyatida. Bu haqda Boston Consulting Group (BCG) tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga tayanib Financial Times xabar berdi.
So‘rovda ishtirok etgan top-menejerlarning 51 foizi moliya vaziri Reychel Rivzning ish beruvchilarni Davlat sug‘urta jamg‘armasiga badallarini oshirish (ular xodimlar olayotgan maosh orqali hisoblanadi) to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng «investitsiyalarni odamlardan sun’iy intellektga yo‘naltirishni» rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
«Odamlar ishga yollash xarajatlari oshib borayotgan bugungi kunda sun’iy intellekt va generativ modellar ish samaradorligi nuqtai nazaridan ancha foydali ekanini tushunishni boshlamoqda», — deydi BCG boshqaruv direktori Nik Saut.
Biznes vakillari avvalroq hukumat qarorini tanqid qilib, sug‘urta badallarining oshirilishi kompaniyalar uchun qo‘shimcha ko‘p milliardlik xarajatlarni keltirib chiqarishini ma’lum qilgan edi. Bunga javob tariqasida BCG’ning 57 foiz respondenti rejadagidan kamroq odamlarni yollash niyatida ekanini bildirgan.
Avvalroq Xitoy banklari xodim tanlash xarajatlarini kamaytirish va samaradorligini oshirish maqsadida intervyularda sun’iy intellektga tobora ko‘proq tayanayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tashabbusni mamlakatning eng yirik moliya muassasalari, jumladan, Xitoy banki va XXR sanoat-tijorat banki qo‘llab-quvvatlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11401 | Инструменты