Huawei 1
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8 sentabr kuni 96 yoshida vafot etdi. "Qirolicha bugun kunduzi Balmoralda olamdan o‘tdi", — deyiladi Bukinhem saroyi bayonotida. 8-sentabr kuni avvalida Bukinghem saroyi shifokorlar qirolichaning holatidan "tashvishda" ekani haqida xabar tarqatgandi. Shundan so‘ng qirollik xonadoni a’zolari Shotlandiyadagi Balmoral qasriga yo‘l oldi, Bukinhem saroyi atrofida esa fuqarolar to‘plana boshladi. Vindzor qal’asida qirolichaning o‘limidan so‘ng bayroqni tushirishdi. AQSh, Germaniya, Ukrainadan qirolichaning vafoti munosabati bilan ta’ziyanomalar kelgan.

Buyuk Britaniyada milliy motam davri boshlandi

Milliy motam davri dafn marosimiga qadar davom etadi. Yelizaveta Ikkinchining jasadi Bukinhem saroyiga olib kelinadi va bu yerda besh kun qoladi. O‘limidan besh kun o‘tib uning tobuti Vestminster saroyiga keltiriladi, bu yerda uch kun mobaynida 23 soat uni ziyorat qilishlari mumkin. Dafn marosimi qirolichaning o‘limidan 10 kun o‘tib bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Charlz mamlakatning yangi qiroliga aylanadi 

Yelizaveta Ikkinchining o‘limidan keyin uning katta o‘g‘li Charlz mamlakatning yangi qiroliga aylanadi — u Buyuk Britaniya tarixida Uels shahzodasi va taxt vorisi maqomida eng uzoq vaqt qolgan shahzoda bo‘ldi. Bukinghem saroyi uni allaqachon qirol Karl III deb atadi. 9-sentabr kuni yangi qirol taxtga chiqishi rasman nishonlanadigan qator tantanali marosimlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Endilikda Britaniya madhiyasi ham o‘zgaradi. U shu vaqtgacha "God save the Queen" (Yaratgan qirolichani asra) deb atalardi, endilikda uning nomlanishi "God save the King" (Yaratgan qirolni asra)ga almashadi.

Yelizaveta II vafoti munosabati bilan ko‘plab siyosatchilar va taniqli shaxslar ta’ziya bildirmoqda. Ular qatorida — Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass, britan hukumatining sobiq rahbarlari Boris Jonson va Toni Bler, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden, AQShning sobiq prezidentlari Barak Obama va Bill Klinton, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel, Apple rahbari Tim Kuk bor.

Ma'lumot o'rnida, Yelizaveta II 70 yil mobaynida Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va yana 12 mustaqil davlatni boshqardi. U taxtga 1952-yil 6-fevralida, Uinston Cherchill bosh vazir ekanida chiqqan. U 25 yoshida, o‘z otasi — qirol Georg VI o‘limidan keyin qirolicha bo‘lgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80212 | Инструменты