Chad poytaxti Njamendagi prezident saroyiga 8-yanvar kuni kechqurun qurollangan odamlar hujum qildi. Bu haqda Tchadinfos xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 18 nafar bosqinchi yo‘q qilingan, bir kishi halok bo‘lgan. Prezident Mahamat Idris Debi hodisa vaqti saroyda bo‘lgan. Hujumda “Boko Haram” jangarilari ishtirok etgani aytilmoqda.
So‘nggi yillarda Chadda beqaror siyosiy vaziyat vujudga keldi. 2021-yildan beri mamlakat o‘tish davrini boshdan kechirmoqda. Bu davr isyonchilar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgan prezident Idris Debining o‘g‘li Mahamat Idris Debining hokimiyat tepasiga kelishi bilan boshlangan.
2024-yilning may oyida Chadda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda Mahamat Idris Debi 61 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘rinni muxolifatchi “Transformatorlar” partiyasi yetakchisi Susses Masra (18,54 foiz) egalladi.
29-dekabr kuni mamlakatda 13 yil ichida ilk bor parlamentga, shuningdek, mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Ular o‘tish davrini to‘xtatish yo‘lidagi qadam bo‘lishi kutilgandi. Muxolifat ovoz berish natijalarini soxtalashtirish ehtimoli borligidan ovoz berishni boykot qilishga chaqirdi. Dastlabki natijalar 15-yanvarga qadar e’lon qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11001 | Инструменты