Buyuk Britaniya: Charlz III ilk bor Qirol sifatida xalqqa murojaat yo‘lladi
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III oliy hukmron sifatida ilk bor xalqqa murojaat qildi. Uning oldinroq yozib olingan televizion murojaati Londondagi avliyo Pavel cherkovida xotirlash marosimi boshlanganidan so‘ng efirga uzatildi.
"Sizga chuqur qayg‘u bilan murojaat qilyapman. Qirolicha Zoti Oliyalari, mening suyukli onam hayoti davomida menga va oilamga ilhom manbani va o‘rnak bo‘ldi. Boshqa har qanday oila singari biz uning muhabbati, sadoqati, yo‘lboshlovchiligi va o‘rnagi uchun bir umr qarzdormiz.
Uning oliy hukmdor sifatida ishga bo‘lgan fidokorligi har doim, o‘zgarishlar davrida ham, oldinga intilganda, hursandchilik davrida, bayram qilganida, qayg‘u davri va yo‘qotishga uchraganida ham barqaror edi. Oilamiz boshidan chuqur qayg‘uni kechirayotgan bo‘lsa-da, biz Birlashgan Qirollik va Qirolicha davlat rahbari bo‘lgan barcha davlatlar, Hamdo‘stlik davlatlari hamda butun jahondagi barchangizning onam ko‘plab davlatlarga qirolicha sifatida xizmat qilgan 70 yildan ortiq bo‘lgan davri uchun minnatdorchiliklaringizni his qilmoqdamiz", dedi u.
Shuningdek, qirol qadriyatlar o‘zgarmasdan qolishini aytdi.
"Qadriyatlarimiz saqlanadi va o‘zgarmasdan qolishi kerak. Monarxiyaning roli va majburiyatlari mening shaxsiy e’tiqodim sifatida tomir otgan Angliya cherkoviga nisbatan ham ham o‘zgarmasdan qoladi.
"Qirolicha kabi qat’iy sadoqat bilan Xudo bergan qolgan umrim davomida xalqimiz qalbida bo‘lgan konstitutsion prinsiplarni himoya qilishga tantanali tarzda va’da beraman", dedi Buyuk Britaniya qiroli.
Qirol fuqarolari qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar ularga fidokorlik, hurmat va muhabbat bilan xizmat qilishga harakat qilishini ta’kidladi.
Qirol Charlz o‘g‘li Uilyam Uyels shahzodasi bo‘lishini e’lon qildi.
Qirol kenja o‘g‘li, Sasseks gersogi shahzoda Harri va rafiqasi Meganni ham eslab o‘tdi.
"Men hayotini qurishni xorijda davom ettirayotgan shahzoda Harri va Meganlarga muhabbatimni bildiraman", deydi u.
Qirol bir haftadan so‘ng xalq sifatida bir yerga to‘planib onasini so‘nggi manzilga kuzatishlarini bildirdi.
"Qadrli onajonim, siz mening qadrli va marhum otam bilan qovushish uchun so‘nggi buyuk yo‘lga otlanarkansiz, sizga shuni aytmoqchiman: rahmat sizga.
Muhabbatingiz, oilamizga va so‘nggi yillarda qattiq ishlab xalqlarimiz oilasiga bo‘lgan sadoqatingiz uchun tashakkur aytaman," dedi qirol Charlz III.
Taxtga o‘tirish rasmiy marosimi shanba kuni bo‘lib o‘tadi, biroq an’anaga ko‘ra, u onasining vafotidan so‘ng payshanba kuni darhol qirolga aylandi.
Eslatib o'tamiz, qirollik taxtda hammadan ko‘p o‘tirgan Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II 8-sentyabr, payshanba kuni Shotlandiyadagi Balmoral qasrida oila qurshovida tinch olamdan o‘tdi. Mamlakatda qirolicha vafoti munosabati bilan 10 kunlik milliy motam e’lon qilindi.Qirolicha o‘limi haqida yangilikni eshitar ekan, ko‘plab odamlar uning xotirasiga hurmat bajo keltirishmoqda. U yashagan uy, qarorgoh va saroylarga gullar keltirishmoqda.
Bukingem saroyi darvozasi ostiga minglab odamlar gullar qo‘yishmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90511 | Инструменты