Buyuk Britaniyaning Bristol universiteti tadqiqotchilari aqlli soatlar uchun yangi ilova ishlab chiqdi. U chekishga oid xatti-harakatlarni tanib olish va foydalanuvchiga o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlovchi xabarlar yuborish qobiliyatiga ega. Foydali dastur odamlarning o‘z odatlariga ongli yondashuvini ta’minlashga yordam berib, ularning chekishni tashlash imkoniyatini oshiradi.
Ilova aqlli soatning ichki harakat sensorlaridan foydalanib, chekish paytidagi qo‘lning o‘ziga xos harakatlarini aniqlaydi. Soat bunday harakatlarni qayd etganda, ilova foydalanuvchiga sigaretadan voz kechishga undovchi xabarlar yuboradi.
Sinov tadqiqotida 18 nafar ishtirokchi ikki hafta davomida ilovadan foydalandi. Aqlli soatlar ishtirokchilarga o‘z odatlarini anglab yetishga, ular haqida chuqurroq o‘ylashga va chekishni tashlashga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirishga yordam berdi.
“Ilovaning asosiy xususiyati bu — shaxsiylashtirilgan yondashuv. Foydalanuvchilar aynan chekish istagi paydo bo‘lgan vaqtda bildirishnoma oladi”, — dedi Bristol universiteti katta ilmiy xodimi Kristofer Stoun.
Dastur ishtirokchilarining uchdan ikki qismi ushbu ilovani foydali va qulay deb baholadi. Ilovani smartfonga ulash shart emas, aqlli soatning o‘zida to‘liq ishlaydi.
“Chekish saraton xavfining asosiy omili bo‘lib qolmoqda va bu odatdan voz kechish salomatlik uchun eng yaxshi qadamdir. Smart-soatlar muhim resursga aylanishi mumkin, ammo ularning uzoq muddatli samaradorligini baholash uchun keyingi tadqiqotlar zarur”, — dedi Cancer Research UK vakili Alize Frogeld.
Frogeld chekishni tashlash uchun yordamchi dasturlarga murojaat qilish muhimligini alohida ta’kidladi. U bunday dasturlar bilan hamkorlik qilish chekishni tashlashda muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini sezilarli darajada oshirishga yordam berishini aytdi.
Tadqiqot guruhi bunday yondashuvning samaradorligini tasdiqlash maqsadida keng qamrovli uzoq muddatli izlanishlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu tashabbus chekishning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10619 | Инструменты