Daniya 2027-yilda migrantlarni YIdan tashqaridagi “qaytarish markazlari”ga deportatsiya qiladi

Daniya qit'adan tashqarida bunday markazlarni tashkil etish bo'yicha 5 ta mamlakatning boshpana berilishi rad etilgan shaxslarni 2027-yildayoq Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lmagan "qaytish markazlari"ga jo'natishni boshlashga umid qilayotganini ma'lum qildi.

Iyun oyida Yevropa qonunchilari a'zo davlatlarga Yevropa Ittifoqidan tashqarida "qaytish markazlari" deb ataluvchi muhojirlarni saqlash joylarini tashkil etishga ruxsat berish uchun ovoz bergan edi. Endilikda Yevropa Ittifoqining istalgan davlati muhojirlarni o'z vatanlariga emas, balki 27 davlatdan iborat ittifoqdan tashqaridagi uchinchi mamlakatlarga deportatsiya qilishi mumkin.

"Biz qonuniy yashash huquqiga ega bo'lmagan shaxslarning mamlakatlarimizda istiqomat qilishiga toqat qila olmaymiz", — dedi Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen Yevropadan tashqarida deportatsiya markazlarini tashkil etish borasidagi siljishlarni muhokama qilish uchun Germaniya, Avstriya, Niderlandiya va Gretsiya vazirlarini kutib olar ekan.

"Shu bilan birga, biz noqonuniy muhojirlarga hamkor davlatda ikkinchi imkoniyatni taqdim etish uchun uchinchi mamlakatlar bilan birgalikda ishlashni istaymiz", — deya qo'shimcha qildi Rasmussen.

Ushbu beshta mamlakat butun Yevropa Ittifoqi uchun tashabbusga yo'l ochgan holda, boshpana berilishi rad etilganlarni qabul qiluvchi markazlarni joylashtirish bo'yicha asosan Afrika hukumatlari bilan muzokaralar olib bormoqda. Daniya Immigratsiya va integratsiya vaziri Morten Byodskov Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi "qaytish markazlari" 2027-yildayoq ishga tushishiga umid bildirayotganini aytdi. U Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlar bilan olib borilayotgan muzokaralar hal qiluvchi bosqichga yetganini ma'lum qildi.

"Bugun biz Yevropalik hamkasblarim bilan kelgusi yillarda qaytish markazlarini imkon qadar tezroq amalga oshirish yo'lida navbatdagi qadamni tashlayapmiz", — dedi Avstriyaning Boshpana va migratsiya bo'yicha vaziri Bart van den Brink Kopengagenda.

Muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar Yevropaning xorijda deportatsiya markazlarini tashkil etish harakatlarini tanqid qilib, u yerlarda inson huquqlariga rioya etilishini nazorat qilish va ta'minlash murakkab bo'lishi mumkinligini ta'kidlamoqda.

Bryusselda joylashgan PICUM huquqni himoya qilish tashkiloti Kopengagendagi uchrashuvni qoraladi. "Yevropa Ittifoqi yetakchilari bu markazlarni “innovatsion yechim” deb atashi mumkin, biroq migratsiya nazoratini tashqi davlatlarga topshirish — odamlarni shunchaki ko‘zdan nari qilish va inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlardan qochishning eski usulidir", — dedi guruh direktori Mishel LeVoy.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90510 | Инструменты