Huawei 1
DNK tahlili Kolumb G‘arbiy yevropalik sefard yahudiy ekanini tasdiqladi

XV asr tadqiqotchisi Xristofor Kolumb G‘arbiy yevropalik sefarad yahudiy bo‘lgan. Bu haqda ko‘p asrlik sirni hal qilish uchun DNK testini qo‘llagan ispan olimlari ma’lum qildi.

1490-yillarda Ispaniya tomonidan moliyalashtirilgan ekspeditsiyalarga rahbarlik qilgan Kolumbning kimligi va kelib chiqishi tarixchilar uchun sir bo‘lib qolgan edi.

An’anaviy nazariyaga ko‘ra, Kolumb Genuyadan (Italiya) kelgani, shuningdek, kelib chiqishi ispan, yunon, bask, portugal yoki ingliz bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminlar ham bo‘lgan.

22 yil davomida tadqiqot olib borgan ispan olimlari bu sirni ochishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edi. Sud-tibbiyot olimi Migel Lorente boshchiligidagi tadqiqotchilar Sevilya soborida dafn etilgan suyak qoldiqlarining mayda namunalarini o‘rganib chiqdi, u yerda uzoq vaqtdan beri Kolumb suyak qoldiqlari qolgan deb ishonilgan. Bu qoldiqlar uning taniqli qarindoshlari va avlodlarining DNKsi bilan solishtirilgan.

Tadqiqot natijalari Ispaniyaning TVE telekanalida namoyish etilgan “Kolumb DNKsi: asl kelib chiqish” hujjatli filmida taqdim etildi. Dasturda Migel Lorente shunday dedi:

“Bizda Xristofor Kolumbning DNKsi bor, qisman bo‘lsa-da, lekin yetarli. Biz uning o‘g‘li Hernando Kolonning DNKsini ham sinab ko‘rdik”.

Lorentening ta’kidlashicha, Hernandoning Y xromosomasi ham, mitoxondriyal DNK ham yahudiylarga tegishlilik xususiyatlarni o‘z ichiga oladi.

Qayd etilishicha, katolik monarxlari Izabella va Ferdinand yahudiy va musulmonlarga majburan dinni qabul qilish yoki mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida farmon chiqargunga qadar Ispaniyada taxminan 300 mingta yahudiy yashagan.

Kolumbning kelib chiqishi mumkin bo‘lgan joylarini tahlil qilib, tadqiqotchilar u G‘arbiy Yevropada tug‘ilgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishdi.

“Tadqiqotga ko‘ra, natija deyarli ishonchli”, deya Lorente Sevilya soborida saqlangan suyak qoldiqlari haqiqatan ham Kolumbniki ekanligi haqidagi oldingi nazariyalarni tasdiqladi.

Xristofor Kolumb 1506-yilda Ispaniyaning Valyadolid shahrida vafot etgan. Biroq o‘limidan oldin u bugungi kunda Dominikan Respublikasi va Gaiti o‘rtasida bo‘lingan Espanola orolida dafn etishlarini vasiyat qilgan. Uning suyak qoldiqlari 1542-yilda orolga olib kelingan, 1795-yilda esa Kubaga olib ketilgan. Biroq 1898-yilda qoldiqlar Sevilyaga olib kelingan va uzoq vaqtdan beri uning so‘nggi manzili shu shahar bo‘lib qolgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101516 | Инструменты