Ochilish marosimida Tojikiston va Qatar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda
Dushanbe markazida Qatar davlati hisobidan qurilgan Tojikistondagi eng yirik masjid 8 iyun kuni Tojikiston va Qatar davlat rahbarlari ishtirokida ochiladi.
Manbaga ko‘ra, hozir ular ushbu masjid ochilishiga hozirlik ko‘rmoqda va Qatar amirining Tojikistonga tashrifini kutishmoqda.
"Qatar amiri Shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniy iyun oyi boshida rasmiy tashrif bilan Tojikistonga keladi. Bu tashrif chog‘ida katta ehtimol bilan 8-iyun kuni prezident Imomali Rahmon va amir mazkur masjidni ochadi", — dedi manba.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning fevral oyida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Din ishlari, anʼanalar va bayramlarni tartibga solish qoʻmitasi rahbari Sulaymon Davlatzoda ushbu masjid 2023-yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirilishi haqida maʼlum qilgan edi. Bu Tojikistondagi eng katta masjid bo‘lib, taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, unda bir vaqtning o‘zida 100 mingdan ortiq kishi namoz o‘qishi mumkin.
Masjid qurilishi 2011-yil oktabr oyida boshlangan va 8 yil davom etgan. Qurilish 2019-yilda yakunlanib, o‘sha yilning noyabr oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Ammo keyinroq ochilish 2020-yil martiga, keyin esa pandemiya sababli nomaʼlum muddatga koʻchirildi.
Loyiha qiymati qariyb 100 million dollarni tashkil etadi, shundan 30 million dollari Tojikiston, qolgan qismi Qatar davlati hissasiga toʻgʻri keldi.
Masjid 12 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, namozxonalar, kutubxona, muzey, majlis va qabullar zallari, ma’muriy binolar, oshxona va 500 ta mashinaga mo‘ljallangan avtoturargohdan iborat.
U meʼmoriy sanʼatning qadimiy va zamonaviy elementlarini hisobga olgan holda qurilgan boʻlib, balandligi 75 metr boʻlgan 4 ta minora va 47 metrli gumbazdan iborat.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22102 | Инструменты