Eron Rossiyaga qurol yetkazib berish bo’yicha Zelenskiyning ayblovlarini qoraladi

Eron Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Nosir Kanoniy Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiyaga qurol yetkazib berish bo’yicha Islom Respublikasiga qarshi “takroriy ayblovlari va qo’pol bayonotlari”ni qoraladi. Gap Eron dronlarini Rossiyaga yetkazib berish bo’yicha ayblovlar haqida ketmoqda.

Uning ta’kidlashicha, Tehron Moskvaga hech qanday harbiy texnika yetkazib bermayapti.

“Eron bir necha bor Ukraina rasmiylari tomonidan Islom Respublikasiga qarshi dronlar haqidagi asossiz ayblovlarga javob qaytargan. Eron hukumati urushda ikki tomonga ham hech qanday harbiy texnika yetkazib bermagan”, - dedi Kanoniy.

Shuningdek, Kanoniy Eron har doim boshqa mamlakatlar, shu jumaldan Ukrainaning ham hududiy yaxlitligini hurmat qilganini va Eronning bunday asossiz ayblovlarga nisbatan strategik sabri cheksiz emasligini janob Zelenskiy bilib qo’yishi kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Nosir Kanoniy Ukraina prezidentiga “AQSh ko’magidan qanoatlanayotgan ba’zi boshqa siyosiy yetakchilar taqdiriga qarab, saboq olishni” tavsiya qildi.

Aytib o’tish lozim, kecha, 22-dekabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Kongressida so’zlagan nutqi davomida Rossiya Eron tomonidan yuborilgan kamikadze dronlarining jami 250 ta yangi partiyasini olganini aytib o’tdi. Uning so’zlariga ko’ra, Eron dronlaridan Ukrainaning energetika sohasiga zarba berishda foydalanilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51220 | Инструменты