Nemis konservatorlari yetakchisi Fridrix Mers Bundestagda takroriy ovoz berish natijalariga ko‘ra Germaniyaning yangi kansleri etib tasdiqlandi.
Takroriy ovoz berish jarayonida Mers uchun 325 nafar deputat ovoz berdi, saylanish uchun kamida 316 ovoz talab etilardi. Parlamentning 289 nafar a’zosi uning nomzodiga qarshi chiqqan. Bir deputat betaraf qolgan, uchta ovoz haqiqiy emas deb topilgan.
Shu bilan birga, o‘ng markazchi XDI/XSI bloki («Xristian-demokratik ittifoq» va «Xristian-sotsial ittifoq») va so‘l markazchi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) koalitsiyasiga jami 328 kishi kiradi.
Avvaliga Frankfurter Allgemeine va Bild gazetalari seshanba kuni takroriy ovoz berish rejalashtirilmagani haqida xabar berishgandi, ammo keyin XDI/XSI, sotsialistlar, Yashillar va so‘llar takroriy ovoz berishni shu kuni o‘tkazishga kelishib olgani ma’lum bo‘ldi.
XDI/XSI 2018 yilda so‘llar bilan hamkorlikni taqiqlovchi rezolyutsiya qabul qilgandi, endi esa ularning yordamiga suyanmoqda, deb yozadi Spiegel.
Parlamentdagi ovoz berish jarayonidan so‘ng, Mers Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer huzuriga bordi, u XDI/XSI bloki rahbarini rasman yangi kansler etib tayinladi. Mers Germaniya tarixidagi o‘ninchi kanslerga aylandi.
Endi avvaliga Mers, undan keyin yangi hukumat a’zolari qasamyod qilishi kerak.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50623 | Инструменты