Qirg‘izistonning To‘qto‘g‘ul gidroelektr stansiyasida (suv ombori) ikkita suzuvchi quyosh elektr stansiyasi quriladi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Loyiha doirasida ikki bosqichdan iborat 612 MVt quvvatga ega suzuvchi quyosh elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Qurilish ishlari to‘rt yilgacha davom etadi”, deyiladi xabarda.
Loyiha doirasida ikkita suzuvchi quyosh elektr stansiyasini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha kelishuv Germaniyada imzolandi. Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan Sonnenenergie, a.s., AB Progressio GmbH, LTI ReEnergy CleanTech Project Development UG, “SES Toktogul” OAJ, “SES Toktogul KG” OAJ o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolandi.
Mazkur shartnoma Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida imzolandi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Japarov Germaniyada Prezident Frank-Valter Shtaynmayer va kansler Olaf Shols bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazgan. Japarov Prezident Shtaynmayer bilan uchrashuvda Qirg‘izistonda aholi farovonligini oshirish, iqtisodiyotni mustahkamlash va qulay sarmoyaviy muhit yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida gapirdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Germaniya kansleri Shols bilan yakkama-yakka uchrashuvda qirg‘iz-german hamkorligini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, nemis korxonalarining Qirg‘iziston iqtisodiyotidagi ishtirokini olqishlashini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112717 | Инструменты