Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze prezident Salome Zurabishvilining vakolati tugaganidan so‘ng, o‘z vazifasini tark etishga majbur bo‘lishini aytdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Zurabishvili “qonuniy saylangan parlament" shakllantirilgunga qadar lavozimda qolish niyatida ekanini aytgan.
Qonuniy parlament mavjud emas, noqonuniy parlament esa yangi prezidentni saylash huquqiga ega emas, shu sababli inauguratsiya o‘tkazilishi mumkin emas, degan Gruziya prezidenti.
Siyosatchi uning mandati “qonuniy parlament tomonidan yangi prezident tayinlangunga qadar” amal qilishini ta’kidlagan.
Uning hissiy holatini tushunaman, lekin inauguratsiya kuni, 29-dekabrda u o‘z qarorgohidan chiqib, bu binoni qonuniy saylangan prezidentga berishi kerak bo‘ladi, degan Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze.
Zurabishvilining prezidentlik vakolati dekabr oyida rasman tugaydi. Hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi prezidentlik saylovi 14-dekabrda, inauguratsiya esa 29-dekabrda o‘tkazilishini e’lon qilgan. Partiya sobiq futbolchi Mixail Kavelashvilini prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatdi.
Gruziyada parlament saylovlari
Mamlakatda parlament saylovlari 26-oktyabr kuni o‘tkazildi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi 53,93 foiz ovoz to‘pladi. Shuningdek, to‘rtta muxolif partiya jami 37,78 foiz ovoz bilan parlamentga kirdi.
Prezident Salome Zurabishvili saylov yakunlari tufayli norozilik namoyishlariga chaqirdi. Ommaviy mitinglar bir necha haftadan buyon davom etmoqda
Gruziyada mitinglar
Namoyishlar bosh vazir Irakliy Koboxidze hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi 2028-yil oxirigacha Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lishni muhokama qilmasligi va hamjamiyatning barcha byudjet grantlaridan voz kechish qaroridan so‘ng boshlandi. AQSH Davlat departamenti buning ortidan Gruziya bilan strategik sheriklik to‘xtatilganini e’lon qildi.
Kobaxidze AQSHning Gruziya bilan strategik hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini “vaqtinchalik hodisa” deb baholadi. U Gruziya yangi saylangan prezident Donald Tramp ma’muriyati bilan 20-yanvarda u lavozimga kirgandan so‘ng muzokaralar boshlashini aytdi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas norozilik namoyishlari fonida Gruziyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishini istisno qilmadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120212 | Инструменты