Huawei 1
Imomo‘g‘liga prezidentlikka nomzod sifatida ovoz berish boshlandi

23 mart kuni Turkiyaning Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)dan prezidentlikka nomzodlik uchun dastlabki saylovda ovoz berish boshlandi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.

Qayd etilishicha, dastlab saylovda faqat partiya a’zolari ovoz berishiga qaror qilingan. Biroq qaror yagona nomzod sifatida qolgan Istanbul shahri hokimi Ekrem Imomo‘g‘li 19 mart kuni ertalab uyiga uyushtirilgan reydda hibsga olinganidan keyin o‘zgartirilgan. Saylovda barcha fuqarolar ovoz berishlari mumkin.

“Partiya a’zosi bo‘lmaganlar ham “birdamlik” qutisida ovoz berishlari mumkin”, deyiladi xabarda. 

Mamlakatning 81 viloyatdagi JXP viloyat va tuman shtablari, shahar madaniyat markazlari va sport zallarida saylov qutilari o‘rnatilgan.

“Ovoz berish joylariga onsecim.chp.org.tr orqali kirish mumkin. A’zo bo‘lmagan fuqarolar ham o‘zlari joylashgan shahar va tumanni tanlab, qayerda ovoz berishlarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda. 

A’zolar uchun ovoz berish bugun, 23 mart kuni ertalab soat 08:00 da boshlangan va 17:00 da tugaydi.

Hibsga olingan bo‘lsada, saylovda yagona nomzod bo‘lib qolgan Ekrem Imomo‘g‘li o‘zining ijtimoiy media sahifasida barchani ovoz berishga chorlagan. 

“Barcha partiyadoshlarimni saylov qutisiga taklif qilaman. Qolaversa, butun Turkiya bo‘ylab barcha fuqarolarimiz uchun ham, partiyadoshlarimiz uchun ham saylov qutilari o‘rnatiladi. Barcha fuqarolarimizni bu katta ishtiyoqning bir qismi bo‘lishga chaqiraman”, deyiladi uning xabarida. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32508 | Инструменты