Huawei 1
Isroilning Bayrutga bergan zarbasi oqibatida "Hizbulloh" qo‘mondoni halok bo'ldi

Isroilning 24-sentyabr kuni Bayrutga bergan zarbalari oqibatida Livandagi “Hizbulloh” guruhining yuqori martabali qo‘mondoni Ibrohim Muhammad Qubaysi halok bo‘ldi. 

“Hizbulloh” qo‘mondon o‘limini tasdiqladi. Qubaysi zenit-raketa bo‘linmasiga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, yana bir qo‘mondon Husayn Hani Izaddin ham halok bo‘lgan. Livan guruhi hisobotida boshqa jangchilarining o‘limi haqida hech qanday bayonot berilmagan.

Isroil armiyasiga ko‘ra, Qubaysi 1980-yillarda “Hizbulloh”ga qo‘shilgan. U xizmati davomida turli lavozimlarda ishlagan, jumladan, Livandagi operativ bo‘linma katta ofitseri vazifasini bajargan, janubiy frontdagi “Badr” bo‘linmasiga ham qo‘mondonlik qilgan.

20-sentyabr kuni Isroil armiyasining Bayrutga “maqsadli hujumi” oqibatida “Hizbulloh”ning Ibrohim Oqil ismli qo‘mondoni halok bo‘lgandi. O‘shanda “Hizbulloh”ning al-Haj Radvan kuchlariga (Livan guruhi tarkibidagi maxsus bo‘linma) tegishli boshqa yuqori martabali yetakchilari ham o‘lgan. 

17-sentyabr kuni butun Livan bo‘ylab minglab “Hizbulloh” peyjerlari portlagani, 18-sentyabr kuni esa boshqa aloqa qurilmalari portlagani haqida xabar berilgandi. Hodisalar oqibatida 37 kishi halok bo‘lgan, 2600 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92513 | Инструменты